29-30 iyun kunlari jahon chempionati 1/16 bosqichi doirasida Braziliya-Yaponiya, Germaniya-Paragvay va Niderlandiya-Marokash juftliklari ishtirokidagi o‘yinlar bo‘lib o‘tadi.

Braziliya – Yaponiya
29 iyun, 22:00. NRG Stadium, Hyuston

2025 yil oktyabrida Braziliya o‘rtoqlik o‘yinida Yaponiyaga 2:3 hisobida yutqazib qo‘ygandi, holbuki pentakampeonlar o‘yinning birinchi bo‘limidan keyin 2:0 hisobida oldinda borayotgandi. Shunday ekan, Hadzime Moriyasu jamoasiga past baho bermaslik kerak – bu jamoa guruh bosqichida Niderlandiya va Shvetsiya bilan tengma-teng kurashdi, shuningdek, Tunisni yirik hisobda mag‘lub etdi.

Shu bilan birga, bu safar yaponlarga o‘tgan yilgi o‘sha o‘yinda qatnashgan yetakchi futbolchilardan bir qanchasi safda emas – Mitoma ham, Kubo ham, Endo va Minamino ham maydonga tusha olmaydi. Lekin Ayase Ueda va Daichi Kamada yuqori sport formasini namoyish etmoqda. Ular himoya chizig‘ini ancha oldinga chiqaradigan braziliyaliklar mudofaasi ortida yuzaga keladigan bo‘shliqlardan foydalanishi mumkin.

Karlo Anchelotti shogirdlari guruh bosqichi startidayoq qiyinchilikka duch kelishgandi, ammo Marokash bilan o‘yindagi durangdan keyin jamoa o‘ziga keldi va keyingi ikki o‘yinda ham ishonchli g‘alabalarga erishdi. Vinisius allaqachon to‘rtta gol urdi, yana uchta gol Mateus Kunya hisobiga yozildi. Qolaversa, turnirning muhim qismida o‘zining nostandart qarorlari bilan jamoaga yordam berishi mumkin bo‘lgan Neymar safga qaytgan. Ammo Braziliya yarimhimoyasida muammolar ko‘zga tashlanmoqda, Kazemironing yoshi o‘tgani sezilmoqda. Oldindagi o‘yin kartinasi qanday ko‘rinishda bo‘lishini taxmin qilish oson – «selesao» o‘yinning ko‘p vaqti davomida to‘pga egalik qiladi, yaponiyaliklar esa o‘z omadini qarshi hujumlardan izlaydi. Turnirning birinchi turida marokashliklar aynan tezkor qarshi hujum orqali brazillarni ojiz qoldirishgandi. Qolaversa, keyingi turlardagi raqiblar – Shotlandiya va Haiti yetarli darajada qarshilik ko‘rsatadigan jamoalar bo‘lmaganini hisobga olish kerak.

Agar Yaponiya to‘sig‘idan o‘tilsa, pentakampeonlarni Norvegiya va Kot-d'Ivuar juftligi g‘olibi kutadi, chorakfinaldagi ehtimoliy raqib Angliya bo‘ladi, jamoa yarimfinalgacha yetib boradigan bo‘lsa, katta ehtimol bilan, Argentinaga qarshi o‘ynaydi. Shunday ekan, yaqin haftada shu savolga javob topilishi kerak: Braziliya uzoq cho‘zilgan inqirozdan chiqa oladimi?

Germaniya – Paragvay