14 va 15 iyul kunlari 2026 yilgi jahon chempionatida yarimfinal uchrashuvlari bo‘lib o‘tadi. FIFA reytingida yuqori to‘rt o‘rinni egallab turgan jamoalar ushbu bosqichdagi juftliklarni hosil qilishdi: Fransiya (uchinchi o‘rin) – Ispaniya (ikkinchi) va Angliya (to‘rtinchi) – Argentina (birinchi). 2025 yil noyabrida kiritilgan yangilik buni ta’minladi. O‘shanda FIFA o‘z reytingidagi eng yuqori to‘rt o‘rinni egallab turgan jamoalar o‘z guruhlarida birinchi o‘rinlarni olib chiqadigan bo‘lsa, pley-offning turli setkalarida joylashishini ma’lum qilgandi. Amalda ham shunday bo‘ldi va bu to‘rt jamoa yarimfinalga qadar o‘zaro uchrashmadi. Endi muxlislarni intrigaga boy o‘yinlar kutmoqda. Bu jamoalar qanday syujyetlar tayyorlab qo‘ygan bo‘lishi mumkin?
Fransiya Yevro-2024 yarimfinali uchun revansh oladimi?
Ispanlar va fransuzlar Yevro-2024 yarimfinalida ham to‘qnashgandi. O‘shanda Luis de la Fuente shogirdlari g‘alaba qozongan (2:1), finalda ham Angliyani mag‘lub etib, qit’a chempioniga aylangandi. E’tiborli jihati, o‘sha o‘yindagi uchta gol ham 25-daqiqaga qadar urib bo‘lingandi. Avvaliga Randal Kolo Muani fransuzlarni hisobda oldinga olib chiqqan, bunga raqib Lamin Yamal va Dani Olmoning gollari bilan javob qaytargandi. Ispanlar kambek amalga oshirishi uchun to‘rt daqiqa yetarli bo‘lgandi. Bu safar fransuzlar revansh olmoqchi va buning uchun yaxshi imkoniyatga ega.
Mbappe JChdagi gollar soni bo‘yicha Messiga yetib oladimi?
Lionel Messi jahon chempionatlarida eng ko‘p gol urgan futbolchi bo‘lib turibdi. Argentinalik hujumchi oltita turnirda jami 21 gol urgan, ammo ertami kechmi uni Kilian Mbappe ortda qoldirishi aniq. Fransuz futbolchisi undan 12 yoshga kichikroq va yana kamida bitta jahon chempionatiga boradi. Agar jarohat olib, formasini yo‘qotmaydigan bo‘lsa, bu raqam ikkitaga oshishi ham mumkin. Shu bilan birga, Mbappeda hozirning o‘zida Leoga yetib olish imkoni bor. Ispaniyaga qarshi o‘yinda gol uradigan bo‘lsa, uning gollari soni ham 21 taga yetadi. Mbappe Ispaniyaga qarshi to‘rt marta o‘ynagan va ikki gol urgan.
Fransiya qatorasiga uchinchi finalga chiqadimi? Yoki Ispaniyada tarixdagi ikkinchi final bo‘ladimi?
Bunga ishonish qiyin, ammo Ispaniya jahon chempionatlarida atigi bir marta finalda o‘ynagan. 2010 yilda JARda bo‘lib o‘tgan turnirda ispanlar oltin medallarni qo‘lga kiritgandi. Fransiyaning JCh finallariga chiqishi esa, odatiy holatga aylanib bormoqda. Dide Desham shogirdlari Rossiyadagi mundialda ham, Qatardagisida ham bosh sovrin uchun hal qiluvchi o‘yinda maydonga tushgandi. Fransuzlar «Lujniki»da oltin medallarni o‘ziniki qilgan, ammo arablar diyorida kumush bilan kifoyalangan. Muhim nyuans: faqat ikki jamoa JChda qatorasiga uch finalda o‘ynagan. GFR 1982, 1986 va 1990 yillarda, brazillar esa – 1994, 1998 va 2002 yillarda shu bosqichgacha yetib kelgan.








