JÇ finalidan keyingi muştlaşuv. FIFA tekşiruv ötkazmoqda
|19:35 / 23.07.20268 96411 min
FIFA Argentina milliy jamoasi futbolçilarining JÇ-2026 finalidagi xatti-harakatlari yuzasidan tekşiruv boşlaşini tasdiqladi. Öyindan keyin janubiy amerikaliklar jamoasining bir neça vakili raqib futbolçilariga kuç işlatgandi.
Argentina finalda Ispaniyaga 0:1 hisobida mağlub bölganidan keyin, argentinalik futbolçilar va murabbiylar ştabi a’zolari jahon çempionatidagi ğoliblikni nişonlayotgan ispaniyaliklar bilan jismoniy kuraşga kirişgandi.
Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan kadrlarda töqnaşuvda Nauel Molina, Leandro Paredes, Tiyago Almada, Lisandro Martines hamda boş murabbiy yordamçisi Roberto Ayyala faol iştirok etganini köriş mumkin.
Töqnaşuv paytida FIFAning şarhlovçilar va jurnalistlarni xabardor qiliş tizimi hakam Slavko Vinçiç Paradesga ispanlar himoyaçisi Erik Garsiyaning tomoğidan böğgani uçun qizil kartoçka körsatgani ma’lumot berdi.
Keyinroq bu qizil kartoçka bekor qilingani haqida xabar tarqaldi. Ammo aslida FIFA tizimi xatolikka yöl qöygani va argentinalik futbolçining qöpolligi boş hakam tomonidan e’tiborsiz qoldirilgani, unga öşa vaqtda qizil kartoçka körsatilmagani ma’lum böldi.
Öyin vaqtida esa argentinaliklarning boşqa bir futbolçisiga rostdan ham qizil kartoçka körsatilgandi: Enso Fernandes öyinning asosiy vaqti tugayotganida maydon markazidagi qöpol harakati uçun ikkinçi sariq kartoçkani olgan va maydonni tark etgandi.
Şu bilan bir vaqtda, FIFA Argentina milliy jamoasi futbolçilarining JÇ yarimfinalida Angliyaga qarşi öyindan keyingi harakatlarini ham tekşiradi. Öşanda futbolçilar maydonga siyosiy ruhdagi bannerni olib tuşişgandi – bannerda Buyuk Britaniya tarkibidagi Folklend orollari Argentinaniki ekani yozilgandi.
Öyindan keyingi voqealar
Öyin yakunlangani haqidagi huştak çalinişi bilan Argentinaning bir neça futbolçilari, jumladan, Lionel Messi gazonga ötirib oladi.
Boşqalar turgan joyida qotadi, Ispaniya futbolçilari esa ğalabani nişonlaş uçun butun maydon böylab yugura boşlaydi.
Xususan, öyin davomida zaxiraga olingan futbolçilardan biri, ispaniyalik yarimhimoyaçi Rodri maydonga çopib çiqadi. U argentinaliklar himoyaçisi Molinaning oldidan yugurib ötayotganida raqib uni qöllari bilan urib yuboradi.
Barçasi şundan boşlanadi.
Rodri Molinaning oldiga qaytib, unga e’tiroz bildira boşladi, argentinalik futbolçi esa tajovuzkorlik qilişda davom etadi.
Mavzuga oid
Garsiya öz jamoadoşiga yordam beriş uçun yetib keladi, yaqin atrofda turgan Paredes ham janjalga qöşilib, Garsiyani turtib yiqitadi, u örnidan turib kelganida esa tomoğiga zarba beradi.
Argentina milliy jamoasi ustozi Lionel Skaloni futbolçilarni tinçlantirişga harakat qiladi, ammo endi Paredesni töxtatib bölmasdi.
Ispaniyaliklardan yana biri, yarimhimoyaçi Gavi voqea joyiga yetib kelib, futbolçilarni ajratişga urinadi, ammo Paredes uni ham bir neça marta urib, gazonga qulatadi.
Bu vaqtda boşqa bir nuqtada yordamçi murabbiy Ayyala avvaliga Garsiyaning tomoğidan böğadi, keyin esa ispaniyalik yarimhimoyaçi Dani Olmoning yuziga uradi.
«Bir töda jirkanç, şafqatsiz ablahlar»
Final huştagidan keyingi janjal kutilganidek futbol jamoatçiligida katta noroziliklarga sabab böldi. Ayniqsa jamoasi yarimfinalda Argentinaga mağlub bölib (1:2), finalga çiqa olmagan ingliz ekspertlari hissiyotga berilişdi. Masalan, «Uç şerlar»ning sobiq hujumçisi Alan Şirer janubiy amerikaliklarning harakatlarini keskin qoraladi.
«Paredes raqibning yuziga ikki yoki uç marta kuçli zarba berdi. U rostmanasiga raqibga taşlandi. Futbolda bunday narsalarga örin yöq. Biz argentinaliklar uçun mağlubiyat qançalik oğirligini bilamiz. Ammo yutqazişni ham biliş kerak. Biz Argentina jamoasi ijrosida bunday holatlarni juda köp körganmiz. Ularning final huştagidan keyingi xatti-harakatlari dahşatli edi», – deya «Nyukasl» afsonasining sözlarini keltiradi Yahoo Spors.
Britaniyalik teleboşlovçi Pirs Morgan ham keskin fikr bildirdi.
«Argentinaliklarning, ayniqsa Paradesning öyin oxiridagi jirkanç xatti-harakatlari. Şunçaki bir töda jirkanç, şafqatsiz ablahlar, futbol uçun şarmandalik. Heç qaçon qaysidir jamoaning mağlubiyatidan bunçalik xursand bölmaganman», – deya yozgan u ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida.
«Mançester Yunayted»ning sobiq futbolçisi Ueyn Runi ham uşbu epizod yuzasidan munosabat bildirdi.
«Bu sizni ajablantirdimi? Meni ajablantirmadi. Biz Argentina ijrosida bunday voqeaga avval ham köp guvoh bölganmiz. Bu sen körişni xohlaydigan reaksiya emas. Biz jahon çempionatida Angliya ustidan qozonilgan ğalabadan keyin ham ularning bu kabi harakatlariga guvoh bölgandik», – deya uning sözlarini keltirgan BBC.
«MYu»ning yana bir afsonasi, Gari Nevill ITV efirida şunday dedi: «Menga argentinaliklarning musobaqalaşiş şijoati yoqadi, ammo Paredes sönggi ikki öyinda özini şunçaki dahşatli tutdi».
Öz navbatida, Argentina milliy jamoasi ustozi, öz futbolçilarini janjal vaqtida ajratib ololmagan Lionel Skaloni öyindan keyingi intervyusida qörqinçli narsa bölmaganini aytib çiqdi.
«Biz olijanoblik bilan ğalaba qozonamiz va mağlubiyatda ham olijanoblik körsatişimiz kerak, – dedi Skaloni. – Bugun biz mağlubiyatni ham qabul qila olişimizni körsatdik. Biz bu öyinda mağlub böldik, buni qabul qilamiz, lekin bu hayot tugaganini yoki bu yerga keliş uçun qilgan barça işlarimizni unutişimiz kerakligini anglatmaydi».
Argentina milliy jamoasiga nima tahdid qilişi mumkin?
FIFA intizomiy qömitasida harakatlarning bir neça varianti bor.
Maxsus prokuror tayinlaş orqali FIFA şunçaki futbolçilarning tajovuzkor xatti-harakatlarini tekşirişni emas, balki maydonda aynan nima sodir bölganini aniqlaşni maqsad qilgan.
FIFA intizomiy kodeksining 13-moddasida haqoratli xatti-harakatlar va halol öyin tamoyillari buzilişi haqida gap ketadi.
Hujjatga köra, jamoa futbolçilari va boşqa a’zolarning xatti-harakatlari «munosib xulq-atvorning asosiy qoidalarini» buzgan, şuningdek, ularning xatti-harakatlari «futbolning sport sifatidagi obrösiga va (yoki) FIFA obrösiga zarar yetkazgan», deb topilişi mumkin.
FIFA prokurori «oğirlaştiruvçi va yengillaştiruvçi holatlar»ni inobatga oladi, şuningdek, unda jazo ijrosini barça musobaqalar uçun qöllaş huquqi bor.
FIFA 13-moddani 2023 yilda Ispaniya futbol federatsiyasining öşa paytdagi rahbari Luis Rubialesni ayblaşda qöllagandi – u öşanda ayollar örtasidagi jahon çempionati finalida Angliya ustidan qozonilgan ğalabadan söng, ispanlar jamoasi futbolçisi Jyenni Ermosoning lablaridan öpib olgandi.
Foto: Catherine Ivill / Getty Images
Öşanda unga uç yil davomida futbol bilan boğliq barça tadbirlarda iştirok etiş taqiqlangandi. Rubiales bu qaror ustidan apellyatsiya bergan, ammo yutqazgan.
Bundan taşqari, Urugvay milliy jamoasi futbolçisi Luis Suares 2014 yilgi jahon çempionati vaqtida italiyalik himoyaçi Jorjo Kiyellinining yelkasidan tişlab olgani uçun şu modda asosida tört oy muddatga diskvalifikatsiya qilingandi. Natijada Suares «Liverpul»ning yangi mavsum startidagi töqqiz öyinini ötkazib yuborgan.
Ammo Molina, Paredes, Almada va Ayyala bu qadar uzoq muddatlarga diskvalifikatsiya qilinişi ehtimoli kam.
Bu argentinaliklar bilan boğliq ilk mojaro emas
Argentina futbol assotsiatsiyasi (AFA) sönggi yillarda öz öyinçilarining yomon xulqi tufayli bir neça bor muammoga duç kelgan.
2022 yilgi jahon çempionati finalidan keyin Argentinani «haqoratli xatti-harakatlar va halol öyin tamoyillarini buziş», şuningdek, futbolçilar va amaldorlarning sportga xos bölmagan xatti-harakatlarida ayblangan.
Argentina milliy jamoasi öşanda Fransiyani penaltilar seriyasida mağlub etgan, lekin öyindan keyin futbolçilarning bu ğalabani nişonlaşda körsatgan qiliqlari tanqidga uçragandi.
Argentinalik darvozabon Emiliano Martines turnirning eng yaxşi darvozaboni uçun berilgan sovrini bilan nojöya harakatni amalga oşirgan (qölqoplar şaklidagi sovrinni beliga qöyib körsatgan), keyin esa, kiyim almaştiriş xonasida kameraga fransuzlar hujumçisi Kilian Mbappe körinişida yasalgan qöğirçoqni körsatgandi.
Argentina futbol assotsiatsiyasi bu holatlar uçun 20 ming dollar miqdorida jarimaga tortilgan, futbolçilar esa jazolanmagandi.
Ammo Martines 2024 yilda JÇ saralaşi doirasida Çili va Kolumbiyaga qarşi öyinlardagi «haqoratli harakatlari» uçun ikki öyinga diskvalifikatsiya qilinadi.
Çili ustidan 3:0 hisobida qozonilgan ğalabadan keyin Martines Amerika kubogi nusxasi orqali öşa mojaroli jyestini takrorlaydi. Tört kun ötib esa u Kolumbiyaga qarşi öyindagi mağlubiyatdan keyin özini tasvirga olayotgan operatorning telekamerasiga qölqoplari bilan uradi.
Bundan taşqari, öşa 2024 yilda, Argentina Amerika kubogini qölga kiritganida, milliy jamoa yarimhimoyaçisi Enso Fernandes özi e’lon qilgan video uçun uzr söraşga majbur bölgandi. Fransiya futbol assotsiatsiyasi u ijtimoiy tarmoqda qöygan qöşiqda «irqçilik va diskriminatsiya unsurlari» borligini aytib, e’tiroz bildirgandi.
AFA 2026 yilgi jahon çempionatidagi yana bir holat uçun jazolanişi mumkin, yarimfinalda Angliyaga qarşi öyindan keyin futbolçilar ğalabani nişonlaş çoğida «Las Malvinas son Argentinas» sözlari yozilgan transparantni namoyiş etişdi, bu sözlar «Folklend orollari – Argentina» ma’nosini beradi.
2014 yilda AFA futbolçilar Sloveniyaga qarşi örtoqlik uçraşuvi oldidan xuddi şu kabi banner kötarişgani uçun 20 ming funt miqdorida jarimaga tortilgandi.
Bu safar FIFA uşbu şiorni kötargan futbolçilarni, jumladan, Angliya çempionatida öynovçi futbolçilarni (bular Angliyaning «Tottenhem Hotspur» klubi himoyaçisi Kristian Romero, şu klubning sobiq futbolçisi Jovani Lo Çelso va «Mançester Yunayted» himoyaçisi Lisandro Martines) ham jazolaşi mumkin.
Öz vaqtida Ispaniya milliy jamoasi futbolçilari ham siyosiy ohangdagi sözlar uçun jazolangandi. Jamoa 2024 yilda Yevropa çempionati finalida Angliya ustidan ğalaba qozongaç, ispaniyaliklar sardori Alvaro Morata va Rodri «Gibraltar – bu Ispaniya» deb baqira boşlagandi. Buning uçun UYeFA ularni bittadan öyinga diskvalifikatsiya qilgan.
Tekşiruv natijalari qaçon çiqişi mumkin?
FIFA 2026 yilgi jahon çempionati finalidan keyin Argentinaning harakatlarini tekşiriş uçun qandaydir muddat belgilamagan.
Misol uçun, şu yil 18 fevral kuni UYeFA «Benfika»ning argentinalik futbolçisi Janluki Prestianniga irqçilikka yöğrilgan haqoratlar böyiça ayblov e’lon qiliş uçun inspektor tayinlagandi. U «Real»ga qarşi öyin paytida Vinisius Juniorni haqorat qilgani da’vo qilingan.
Taxminan ikki oydan söng, 24 aprel kuni Prestianni gomofobik ruhdagi haqoratli sözlar uçun 6 öyinga diskvalifikatsiya qilinişi ma’lum qilindi.