Numbeo sayti jahondagi yashash uchun eng qimmat shaharlar reytingini e’lon qildi. Dunyoning 549 shahri kiritilgan reytingda Toshkent shahri 488-o‘rinda qayd etildi.
O‘zbekiston poytaxti 31,2 ball bilan Qozog‘istonning Olmaota (40,1 ball) va Ostona (34,5 ball) shaharlaridan keyin Markaziy Osiyoda 3-, Osiyo qit’asida esa 74-o‘rindan joy oldi.
Keyingi o‘rinlarda esa Dushanbe (29,9 ball) va Bishkek (29,7 ball) shaharlari joylashgan.
Shveytsariyaning Tsyurix (123,4 ball) va Bazel (111,9 ball) shaharlari hamda Kayman orollari poytaxti Jortaun dunyodagi yashash uchun eng qimmat shaharlar deb e’tirof etildi.
Hindistonning o‘ndan ortiq shaharlari esa 17,3-18,8 ball bilan eng arzon shaharlar sifatida qayd etilgan.
Reytingni tuzishda Nyu-Yorkdagi yashash qiymati olingan bo‘lib, unga 100 ball berilgan. Undan yuqori har bir ball yashash narxining bir foizga qimmatligini, har bir past ball esa arzonligini bildiradi. Misol uchun, Tsyurixda yashash narxi Nyu-Yorkdagidan 23,4 foizga qimmat, Toshkentda esa 68,6 foizga arzon.
Mazkur indeksni tuzishda uy-joy ijarasi, oziq-ovqat, restoranlar, xarid qilish salohiyati kabilar hisobga olingan.











