Vazirlar Mahkamasi qarori loyihasiga muvofiq, «Siyesta» tizimi dastlab tajriba-sinov tariqasida joriy etiladi. U mehmonxonalar, xostellar, mehmon uylari, muzeylar, tarixiy-me’moriy yodgorliklar, restoran va kafelar, turoperatorlar hamda sayyohlar uchun mo‘ljallangan ko‘ngilochar maskanlarni qamrab oladi.

Loyihada yoz oylarida turistik ob’yektlar faoliyatini quyidagi tartibda tashkil etish tavsiya etilgan:

  • ertalabki ish vaqti - soat 07:00 dan 13:00 gacha;
  • «Siyesta» tanaffusi - soat 13:00 dan 17:00 gacha;
  • kechki va tungi ish vaqti - soat 17:00 dan 23:00 gacha.

Tashabbusning asosiy maqsadi sayyohlar va xodimlarni yuqori haroratning salbiy ta’siridan muhofaza qilish, turistlar uchun qulay sharoit yaratish, ularning mamlakatda bo‘lish muddatini uzaytirish hamda yozgi mavsumda turizm infratuzilmasidan samarali foydalanishdan iborat.

Loyihada umumiy ovqatlanish va ko‘ngilochar maskanlarga kechki vaqtga moslashtirilgan maxsus yozgi taomnomalar va madaniy dasturlarni joriy etish tavsiya etilgan. Shuningdek, muzey va tarixiy obidalarda yoritish tizimlarini kuchaytirgan holda «Tungi muzey» va «Kechki ekskursiya» dasturlarini tashkil etish rejalashtirilmoqda.

Hujjatga ko‘ra, «Siyesta» davrida korxonalar konditsioner tizimlari ishini ta’minlashi, zarur navbatchi xodimlar va qabul xizmatlarini saqlab qolishi lozim. Bunda xodimlarning ish haqi kamaytirilishi yoki mehnat sharoitlari yomonlashishiga yo‘l qo‘yilmaydi.

Loyihada Turizm qo‘mitasiga tizimni joriy etish bo‘yicha namunaviy reglament ishlab chiqish, axborot kampaniyalarini o‘tkazish va natijalarni muntazam monitoring qilish vazifasi yuklatilgan. Toshkent, Samarqand, Buxoro va Xiva shaharlari hokimliklari esa kechki vaqtda jamoat transporti, yoritish va madaniy-tomosha tadbirlarini tashkil etishi nazarda tutilgan.

Mazkur hujjat hozircha qaror loyihasi hisoblanadi. U qabul qilingan taqdirda, «Siyesta» tizimi har yili 1 iyundan 31 avgustgacha tajriba-sinov tariqasida amal qilishi, 2026 yilgi yozgi mavsum yakunlari bo‘yicha esa uni boshqa hududlarga tatbiq etish yuzasidan takliflar ishlab chiqilishi belgilangan.