Isroil Turkiyani ogohlantirdi

Isroil mudofaa vaziri Israil Kats payshanba kuni Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘anni aybladi. Uning aytishicha, Erdo‘g‘an «Turkiyani Suriyadagi xavfli sarguzashtlarga tortmoqda». «Isroil hech qanday tuzilmaga o‘z xavfsizligiga tahdid solishiga yo‘l qo‘ymaydi», deb yozdi Kats.

Bu izohlar hafta boshida Isroil Suriyaning «Abu Duhur» aviabazasiga havo hujumlari uyushtirganidan keyin yangradi. O‘shanda Isroil bu bazaga Turkiya qo‘shinlari joylashmoqchi ekanini iddao qilgandi.

Keyinroq Turkiya mudofaa vazirligi Suriya aviabazasida hech qanday harbiy ishtirokiga ega emasligini bildirdi. Vazirlik, shuningdek, Isroilning harakatlarini tanqid qilib, bu hujumlar «qabul qilib bo‘lmaydigan» hamda mintaqaviy tinchlikka tahdid solishini aytdi.

«Suriyaning suvereniteti va hududiy yaxlitligini himoya qilish, uning barqaror va xavfsiz muhit o‘rnatishiga yordam berishda qat’iy davom etadi», dedi Turkiya rasmiysi.

Shu kunlarda Isroil bosh vaziri Binamin Netanahu ham Suriyani Turkiya ishtiroki haqida ogohlantirganini aytdi. «Bizning xabarimiz juda aniq edi. Unday qilmang, dedik. Menimcha, ular xabarni unchalik yaxshi tushunishmadi», dedi Netanahu.

Ayni paytda, Suriya tashqi ishlar vaziri Asad Shayboniy hujumdan oldin turk kuchlarini joylashtirish rejasi yo‘qligini ochiq aytganini bildirdi. Shuning uchun “Isroilning bu bombardimoniga hech qanday qonuniy asos yo‘q”.

Uning qo‘shimcha qilishicha, asosan bo‘sh turgan baza hali ishga tushirilmagan hamda undan Suriya kuchlari foydalanishi uchun qayta tiklanayotgan bo‘lgan.

U Isroil hujumidan bir necha kun oldin turk harbiy ofitserlari ob’yektga tashrif buyurganini tan oldi. Ammo bu «ta’lim va tajriba almashish sohalaridagi harbiy hamkorlik» uchun ekanligini alohida ta’kidladi.

Isroilning joriy haftada Suriyaga uyushtirgan hujumlari Turkiya va Isroil o‘rtasida keskinlik kuchaygan bir paytga to‘g‘ri kelmoqda. Bundan tashqari, Turkiya va Isroil o‘rtasida G‘azodagi urush bo‘yicha ham ixtiloflar mavjud.

Ukrainalik diversant hibsga olindi

Xorvatiya sudi payshanba kuni «Shimoliy oqim» gaz quvurlaridagi portlashlarga aloqador ikkinchi shaxs - ukrainalik g‘avvosni hibsga olishga ruxsat berdi. Xorvatiya rasmiylari uning Germaniyaga ekstraditsiya qilinishi bo‘yicha so‘rovni ko‘rib chiqayotgan paytda u hibsda saqlanadi. Suda bu qarorini uning «qochib ketish xavfi» borligi bilan izohlagan.