G‘arbiy sohildagi zo‘ravonliklar

Isroillik ko‘chmanchilar Falastin hududida - bosib olingan G‘arbiy sohilda ikkita masjidga, shuningdek, avtomobillar va qishloq xo‘jaligi yerlariga o‘t qo‘ydi.

So‘nggi hujumlar Tal qishlog‘i yaqinida ko‘chmanchilar va falastinliklar o‘rtasida yuz bergan to‘qnashuvdan keyin sodir bo‘ldi. O‘shanda to‘rt nafar falastinlik va ikki nafar isroillik halok bo‘lgan, har ikki tomon bir-birini zo‘ravonlikni keltirib chiqarishda ayblagandi.

Isroilning amaldagi o‘ta o‘ng hukumati qo‘llayotgan ekstremist ko‘chmanchilarning zo‘ravonliklari G‘arbiy sohilda vaziyatni yanada keskinlashtirmoqda.

Falastin rasmiylariga ko‘ra, tunda G‘arbiy sohildagi ikkita qishloq ko‘chmanchilar hujumiga uchragan: avtomobillarga zarar yetkazilgan, mulklar o‘g‘irlangan va devorlarga nafrat uyg‘otuvchi so‘zlar yozib ketilgan.

Shuningdek, ko‘chmanchilar Qusrada qurilayotgan masjidga o‘t qo‘ygan. Isroil harbiylari Qusraga qo‘shinlar yubordi, politsiya esa tergov o‘tkazib, dalillarni to‘plashini ma’lum qildi.

Boshqa bir holatda ko‘chmanchilar Kur qishlog‘idagi yana bir masjidga o‘t qo‘yib, uning devorlariga shiorlar yozib ketgan.

Falastinliklarning aytishicha, juma kuni Talda yuz bergan qonli to‘qnashuvdan beri G‘arbiy sohil bo‘ylab ko‘chmanchilar ko‘plab hujumlar uyushtirdi.

Isroil mudofaa kuchlari dam olish kunlari o‘zi «aksilterror» operatsiyasi deb atagan reydlar o‘tkazib, 130 dan ortiq odamni hibsga olgan.

G‘arbiy sohilda ko‘chmanchilarning hujumlari xalqaro miqyosda qoralanishiga qaramay, Isroil hukumati vaziyat o‘nglanishi uchun deyarli hech narsa qilmayapti.

BMT ma’lumotlariga ko‘ra, G‘azoda urush boshlanganidan beri G‘arbiy sohilda 1 114 nafar falastinlik halok bo‘lgan. Ularning aksariyati Isroil mudofaa kuchlari tomonidan o‘ldirilgan. Qurbonlarning kamida 35 nafari ko‘chmanchilar hujumi oqibatida halok bo‘lgan.

AQSh-Eron urushi

Prezident Donald Tramp dushanba kuni Qo‘shma Shtatlar Eron bilan «yaxshi muzokaralar» olib borayotganini aytdi.

«Biz yaxshi muzokaralar olib boryapmiz», dedi u. «O‘ylaymanki, nimadir yuz berishi uchun yaxshi imkoniyat bor va agar shunday bo‘lsa - juda yaxshi. Agar bo‘lmasa - biz ikki kun oldin nima qilgan bo‘lsak, shunga qaytamiz».