Maktabgaça va maktab ta’limi vazirligi ijtimoiy tarmoqlarda öqituvçilar örtasida dars soatlarini taqsimlaş tartibi özgargani haqida tarqalgan xabarlarga rasmiy munosabat bildirdi.
Qayd etilişiça, 2025 yil 28 oktyabrda Maktabgaça va maktab ta’limi vazirligi, Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda Soğliqni saqlaş vazirligining qöşma qarori bilan «Umumta’lim muassasalarida sinflarni komplektlaş hamda tarifikatsiya röyxatlarini şakllantiriş tartibi töğrisida»gi nizomga özgartiriş va qöşimçalar kiritilgan hamda u Adliya vazirligida 3271-1 raqami bilan davlat röyxatidan ötkazilgan.
Vazirlikka köra, mazkur özgarişlardan asosiy maqsad öqituvçilarning iş yuklamasini kamaytiriş, dars soatlarini taqsimlaş talablarini soddalaştiriş va jarayonni yanada şaffof hamda adolatli taşkil etişdan iborat.
Yangi tartibga muvofiq, dars yuklamasini taqsimlaşda qöllanilgan ustuvorlik mezonlari 19 tadan 10 taga qisqartirilgan. Bu özgarişlar köplab pedagoglarning takliflari asosida işlab çiqilgan.
Xususan, barça öqituvçilar uçun teng imkoniyat yaratiş maqsadida dunyoning top-1000 universitetlarini tamomlaganlik yoki xalqaro va asosiy fan olimpiadalarida öquvçilari ğolib bölgan öqituvçilarga ustuvorlik beruvçi mezonlar bekor qilingan.
Endi dars soatlarini taqsimlaşda pedagogning kasbiy mahorati, milliy yoki xalqaro sertifikatlarga egaligi, zamonaviy kompetensiyalari va ta’limda erişgan natijalari asosiy mezon sifatida inobatga olinadi.
Vazirlikning ta’kidlaşiça, mazkur tartib öz ustida muntazam işlaydigan, yuqori kasbiy salohiyatga ega va sifatli ta’lim beradigan öqituvçilarni rağbatlantiriş, ta’lim sifati hamda öquvçilarning bilim darajasini yanada oşirişga xizmat qiladi. Yangi tizim 2026–2027 öquv yilidan amaliyotga joriy etiladi.












