Reytingda dunyoning yettita yirik mintaqasidagi shaharlar yashash sharoitlari bo‘yicha baholangan. Indeksni hisoblashda barqarorlik, sog‘liqni saqlash, ta’lim, infratuzilma, madaniyat hamda atrof-muhit kabi asosiy mezonlar inobatga olingan.
Tadqiqotga ko‘ra, G‘arbiy Yevropa sog‘liqni saqlash tizimi va infratuzilma sifati bo‘yicha eng yuqori ko‘rsatkichlarni qayd etgan. Shimoliy Amerika esa ta’lim sohasida maksimal - 100 ball to‘plagan. Mutaxassislar bu hududlarda hayot sifati yuqori bo‘lishini barqaror davlat institutlari, rivojlangan ijtimoiy xizmatlar va zamonaviy transport tarmoqlari bilan izohlamoqda.
2026 yilda eng katta ijobiy o‘sish Osiyoda kuzatildi. Mintaqaning o‘rtacha ko‘rsatkichi 74 ballga yetdi. Buga asosan Xitoy va Yaponiya shaharlarining yaxshilangan natijalari ta’sir ko‘rsatgan. Biroq Osiyo hali ham G‘arbiy Yevropa va Shimoliy Amerikadan ancha ortda qolmoqda. Mintaqaning eng zaif jihatlari madaniyat, atrof-muhit va infratuzilmaning noteng rivojlangani bo‘lib qolmoqda.
Yaqin Sharq va Shimoliy Afrika mintaqasi esa eng katta pasayishni qayd etdi. Uning o‘rtacha ko‘rsatkichi bir ballga tushib, 61 ballni tashkil qildi. Tahlilchilar bu holatni AQSh, Isroil va ularning ittifoqchilari hamda Eron o‘rtasidagi harbiy mojarolar bilan bog‘lamoqda. Mintaqadagi eng past baholangan mezon barqarorlik bo‘ldi.

Sahroi Kabirdan janubdagi Afrika 55 ball bilan reytingning oxirgi pog‘onasini egalladi. Bu hudud sog‘liqni saqlash, infratuzilma va barqarorlik ko‘rsatkichlari bo‘yicha eng past baholarni olgan.
Lotin Amerikasi va Sharqiy Yevropa reytingning o‘rta qismiga joylashdi. Har ikki mintaqa ta’lim sohasida nisbatan yaxshi natijalarga erishgan bo‘lsa-da, barqarorlik bo‘yicha past baholar ularning yuqori o‘rinlarni egallashiga to‘sqinlik qilgan.











