Rossiya armiyasi 5-avgustga o‘tar kechasi Kiyev shahri va Kiyev viloyatiga ballistik raketalar bilan zarba berdi. Hujum oqibatida poytaxtning Obolon, Desnyan, Goloseyev tumanlari hamda shahar atrofida yong‘inlar yuzaga keldi, bir qator turar joy bo‘lmagan binolarga zarar yetdi.

Kiyev shahar meri Vitaliy Klichkoning ma’lum qilishicha, Goloseyev tumanida xususiy turar joy uyi vayron bo‘lgan va uning vayronalari ostida odamlar qolgan bo‘lishi mumkin.

Kiyev shahar harbiy ma’muriyatining dastlabki ma’lumotlariga ko‘ra, poytaxtda bir kishi halok bo‘lgan, kamida 12 kishi jarohatlangan. Ukraina Favqulodda vaziyatlar davlat xizmati esa Kiyev shahrining o‘zida jabrlanganlar soni 15 nafarga yetganini ma’lum qildi.

Kiyev viloyatida ham hujumlar og‘ir oqibatlarga sabab bo‘ldi. Viloyat harbiy ma’muriyatining bildirishicha, Bucha, Brovari va Fastov tumanlarida infratuzilma ob’yektlari shikastlangan. Bucha tumanida bir kishi halok bo‘lgan.

Viloyat bo‘yicha jami 21 nafar tinch aholi jarohat olgan. Jumladan, Brovari tumanida 13 kishi, Fastovda 3 kishi va Buchada 5 kishi tan jarohati olgan.

Ukraina Favqulodda vaziyatlar xizmati ma’lumotlariga ko‘ra, Brovari tumanida logistika markazlari, omborxonalar, ishlab chiqarish korxonalari va savdo ob’yektlarida yong‘inlar chiqqan. Bucha tumanida logistika majmualari zarar ko‘rgan bo‘lsa, Fastov tumanida korxona hududida yong‘in yuzaga kelgan.

Ukraina Qurolli kuchlari Havo kuchlari Rossiya hujumlari faqat Kiyev bilan cheklanmaganini ma’lum qildi. Shu kecha Odessa, Zaporijjya, Dnipropetrovsk, Xarkiv va Mikolayiv viloyatlari ham raketa va dronlar hujumiga uchragan.

Ukraina rasmiylari so‘nggi vaqtlarda Rossiyaning ballistik raketa hujumlarini qaytarish tobora qiyinlashayotganini ta’kidlamoqda. Prezident Volodimir Zelenskiy buni mamlakatda AQShning Patriot havo mudofaa tizimlari uchun raketa zaxirasi yetishmayotgani bilan izohlagan. Uning so‘zlariga ko‘ra, aynan ushbu tizimlar ballistik raketalarni yo‘q qilishda eng samarali vositalardan biri hisoblanadi.