Aholiga elektromobil sotib olish uchun ajratilgan kreditlar bo‘yicha foiz to‘lovlarining bir qismini qoplab berish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqidagi hukumat qarori loyihasi jamoatchilik muhokamasiga qo‘yildi.
Qaror loyihasiga ko‘ra, 2026-yil 1-avgustdan boshlab qiymati bazaviy hisoblash miqdorining 1 000 baravaridan oshmagan elektromobillarni birlamchi bozordan sotib olish uchun jismoniy shaxslarga 300 million so‘mdan oshmaydigan miqdorda tijorat banklari tomonidan ajratilgan avtokreditlar bo‘yicha foiz xarajatlarining dastlabki 2 (ikki) yili davomida kredit foiz stavkasining 16 foizdan oshadigan, biroq 8 foiz banddan yuqori bo‘lmagan qismi uchun kompensatsiya to‘lanadi.
Tijorat banklari tomonidan ajratilgan avtokreditlar bo‘yicha foizlarning bir qismini qoplash uchun respublika byudjyetining qo‘shimcha manbalari hisobidan kompensatsiya mablag‘lari ajratiladi.
Kompensatsiya to‘lash bilan bog‘liq xarajatlar 2026-yil uchun respublika byudjyetining qo‘shimcha manbalari hisobidan, keyingi yillarda davlat byudjyeti parametrlarida nazarda tutilgan mablag‘lar hisobidan qoplanadi.
Kompensatsiya kreditga layoqatli deb topilgan hamda kreditlar bo‘yicha muddati o‘tgan qarzdorligi mavjud bo‘lmagan jismoniy shaxslarga ajratiladi.
Jismoniy shaxs avtokredit olish uchun zarur hujjatlarni ilova qilgan holda bankka ariza bilan murojaat qilganda, arizada kompensatsiya olish istagini alohida ko‘rsatadi.
Bank jismoniy shaxsning kredit va kompensatsiya ajratish shartlariga muvofiqligini o‘rganib, natijasi yuzasidan avtokredit ajratish yoki avtokredit ajratishni rad etish to‘g‘risida qaror qabul qiladi.
Bank va qarz oluvchi o‘rtasida tuziladigan avtokredit shartnomasida kompensatsiya ajratilishi nazarda tutilishi hamda uning miqdori ko‘rsatilishi lozim bo‘ladi.
Quyidagi hollarda kreditlar bo‘yicha kompensatsiya ajratish to‘xtatiladi:
qarz oluvchi to‘lovlar jadvaliga muvofiq bankka to‘lovlarni to‘lash majburiyatlarini 3 (uch) oy ichida ketma-ket bajarmaganida;
kredit summasi va unga hisoblangan foizlar muddatidan oldin to‘liq undirilganida yoki to‘langanida;
bank va qarz oluvchi o‘rtasida kredit shartnomasi bekor qilinganida yoki haqiqiy emas deb topilganida;
qarz oluvchining taqdim etgan hujjatlarida ishonchsiz yoki noto‘g‘ri ma’lumotlar taqdim etilganligi aniqlanganda.











