«Makka pakti Eronga qarshi qaratilmagan»

Turkiya tashqi ishlar vaziri Hoqon Fidan Makka pakti - Eron yoki boshqa biror davlatga qarshi qaratilmaganini, balki uch ittifoqchi xavfsizligi uchun umumiy kafolat bo‘lishini ta’kidladi.

Uning aytishicha, Turkiya, Saudiya va Pokiston - hujum sodir bo‘lgan taqdirda qanday darajada, qanday shakl va formatda yordam so‘rashlarini maslahatlashuvlar orqali hal qiladi. Ammo a’zo davlatga hujum qilinmaguncha hech bir davlat tahdid deb hisoblamaydi.

Turkiya, Pokiston va Saudiya Arabistoni o‘rtasida imzolangan mudofaa pakti texnik jihatdan NATOning o‘zaro mudofaa to‘g‘risidagi 5-moddasiga tengdir.

5-modda bu - Shimoliy Atlantika shartnomasi tashkilotining eng muhim va asosiy tamoyili bo‘lib, NATOga a’zo har qanday davlatga qilingan qurolli hujum tashkilotning barcha a’zolariga hujum deb baholanadi.

Fidan, shuningdek, pakt boshqa mintaqaviy mamlakatlar uchun ham kengayishga ochiqligini va mavjud alyanslar o‘rnini bosishga intilmasligini ma’lum qildi.

«Prezident Erdo‘g‘anning qarashi shundan iboratki, biz faqat uchta mamlakat bilan cheklanib qolmasligimiz kerak. Aksincha, kengayishimiz va barcha (mintaqaviy) mamlakatlarni ushbu tom ostida birlashtirishimiz kerak». Uning aytishicha, ma’lum texnik masalalar hal qilingach, Misr ham paktga qo‘shilishi mumkin.

U alyans doirasida NATOdagiga o‘xshash vazirlar qo‘mitasi, shuningdek, Saudiya Arabistonida joylashgan bosh kotibiyat tashkil etilishini, biroq operatsion tafsilotlar qo‘mitaning birinchi yig‘ilishida belgilanishini bildirdi.

Erondagi urush va Yaqin Sharq mintaqasida avj olgan keskinlik fonida 7-avgust kuni Turkiya, Saudiya va Pokiston yetakchilari «Makka qo‘shma mudofaa kelishuvi»ni imzolagandi. Qo‘shma bayonotga ko‘ra, ushbu kelishuv har qanday tajovuz harakatiga qarshi jamoaviy tiyib turishni kuchaytiradi hamda uchta davlatdan birortasiga qilingan qurolli hujum barchaga qilingan hujum deb baholanishini belgilaydi.

Ho‘rmuzni ochish bo‘yicha shartlar

Eron tashqi ishlar vaziri Abbos Araqchi yakshanba kuni O‘mon bilan Ho‘rmuz bo‘yicha kelishuv o‘zining «yakuniy bosqichida» ekanini aytdi. Biroq strategik suv yo‘li qayta ochilishidan oldin AQSh bir qancha shartlarni bajarishi kerakligini ta’kidladi.