Futbol bo‘yicha Braziliya chempionatida komedik epizod ro‘y berdi. A Seriyaning 22-turi doirasida «Shapekoense»ga qarshi kechgan uchrashuvda (2:1) «Koritiba» klubi himoyachisi Jasi o‘zi urgan golni nishonlash chog‘ida reklama taxtasi ortidagi tunnelga tushib ketdi. Futbolchi chuqurdan qaytib chiqqanidan keyin esa uning goli ofsayd tufayli bekor qilingani ma’lum bo‘ldi.
«Biz doim ham gol uravermaymiz»
Bu holat birinchi bo‘lim oxirida ro‘y bergan. Jasi ikkinchi qavatda to‘p uchun kurashda yutib chiqdi va mavsumdagi ikkinchi golini urib, bu golni faollik bilan nishonlay boshladi: u to‘pni «Shapekoense» darvozabonidan olib qo‘ygan va farzand kutayotganiga ishora qilib, to‘pni futbolkasi ichiga solgan.
Shundan keyin himoyachi reklamalar joylashtirilgan to‘siqdan sakrab o‘tgan, ammo uning ortida tribunalar ostiga olib kiruvchi tunnelning kirish qismi joylashganini payqamay qolgan. Bu vaqtda tanaffus yaqinligi tufayli tunnel eshigi ochiq turgandi. Natijada futbolchi darhol kadrdan g‘oyib bo‘lib, pastga qulagan. Tunnelning kirish joyida turgan xavfsizlik xizmati xodimi esa boshini changallagancha qolgan.
Keyin Jasi tunneldan chiqib kelgan va golni nishonlashda davom etgan, ammo ko‘p o‘tmay gol «o‘yindan tashqari holat» tufayli bekor qilingan.
Tanaffusdagi intervyusida braziliyalik futbolchi ahvoli yaxshi ekanini aytgan.
«Men bilan barchasi joyida. Himoyachilar kamdan kam gol urishadi, shuning uchun men berilib ketdim. Tunnel esa ochiq turgan ekan. Oyog‘imni tekshirtiraman», – degan u CazeTV telekanaliga bergan intervyusida.
Lekin Jasi 48-daqiqada baribir almashtirildi – yiqilish chog‘ida to‘piqdagi lat yeyish baribir so‘zini aytgan. «Koritiba» esa usiz ham g‘alaba qozonishni uddaladi, Pedro Rosha o‘yin oxirida g‘alaba golini urdi.

Bu birinchisi emas
«Koto Pereyra» stadionida shu kabi holat 2014-yilda ham ro‘y bergandi: o‘shanda «Koritiba» hujumchisi Joel «San-Paulu» darvozasiga urgan golini nishonlash paytida reklama shitidan sakrab o‘tgan va pastga qulagandi. O‘shanda gol hisobga olingan, kamerunlik futbolchi esa o‘yinni davom ettira olgandi.
La Nacion portali qayd etishicha, Jasini tunneldan chiqarib olgan xavfsizlik xizmati xodimi 12 yil oldin ham xuddi shu joyda turgandi. U yana bir bor virusdek aylanayotgan video qahramoniga aylandi.











