Ukraina hujumida o‘zbekistonliklar halok bo‘ldi
10-avgust kuni Rossiyaning Nijnekamsk shahrida Ukrainaning dron hujumi oqibatida kamida 13 kishi halok bo‘ldi va yana 39 kishi jarohatlandi. Xususan, hujumda O‘zbekistonning 8 nafar fuqarosi ham halok bo‘lgan. Bu so‘nggi oylarda Rossiyada tinch aholi o‘rtasidagi eng og‘ir qurbonlar berilgan holatlardan biri bo‘ldi.
Ukraina harbiylari Tataristondagi neftni qayta ishlash zavodiga zarba berganini va ob’yektda yong‘in qayd etilganini ma’lum qilgan.
Rossiya tergovchilari ushbu holatni terakt deb baholab, jinoyat ishi qo‘zg‘atgan. Ma’lum qilinishicha, Ukraina turar joy hududlariga zarba bergan va halok bo‘lgan tinch aholi orasida bir bola ham bo‘lgan.
Qozondagi O‘zbekiston konsulligi Nijnekamskda halok bo‘lganlar orasida yetti nafar O‘zbekiston fuqarosi borligini tasdiqladi. Yana bir o‘zbekistonlik olgan jarohatlari oqibatida keyinroq vafot etdi.
O‘zbekiston rasmiylariga ko‘ra, ular qurilish korxonasida quruvchi bo‘lib ishlagan, yana bir nechta fuqaro jarohatlanib, shifoxonaga joylashtirilgan.
Shuningdek, hujumda Tojikistonning ham bir nafar fuqarosi halok bo‘lgan. Mahalliy OAVga ko‘ra, 13 qurbonning to‘qqiz nafari zarba paytida yotoqxonada bo‘lgan.
Kolumbiyada zilzila
Dushanba tongida Kolumbiyada 7,4 magnitudali - so‘nggi yillardagi eng kuchli zilzilalardan biri sodir bo‘ldi. Oqibatda kamida 132 kishi halok bo‘ldi va mamlakat bo‘ylab favqulodda holat e’lon qilindi. Qurbonlar sonining ortishi ehtimoli bor, chunki ko‘plab odamlar qulagan binolar ostida qolib ketgan.
Rasmiylarga ko‘ra, o‘lim holatlarining ko‘pchiligi Kolumbiyaning qahva yetishtiruvchi mintaqasidagi Pereyra shahrida qayd etilgan. Uning atrofidagi boshqa shaharlar ham jiddiy talafot ko‘rgan. Yer silkinishlari oqibatida 480 dan ortiq odam jarohatlangan.
Mahalliy rasmiylar shahar aglomeratsiyasida 65 ta bino qulab tushgani haqida xabar berdi. Ulardan 15 tasining ostida odamlar qolib ketgan deb taxmin qilinmoqda. Epitsentrdan taxminan 200 km uzoqlikda joylashgan Kali shahrida esa o‘ttiz ikkita bino qulab tushdi.
Bir nechta mintaqaviy aeroportlarga zarar yetgan. Poytaxt Bogotada binolarda yoriqlar paydo bo‘lgan, biroq hozircha shahar infratuzilmasiga jiddiy shikast yetgani haqida ma’lumot yo‘q. Yer silkinishlari qo‘shni Venesuela, Ekvador va Panama kabi uzoq hududlarda ham sezilgan.
Ushbu zilzila qo‘shni davlat - Venesuela shimolini vayron qilgan va 6300 dan ortiq odamning umriga zomin bo‘lgan zilzilalardan qariyb ikki oy o‘tib sodir bo‘ldi.
Tramp Erondan tovon so‘radi
AQSh prezidenti Donald Tramp dushanba kuni Eron - urushlar, hujumlar va namoyishlarda halok bo‘lganlar uchun tovon puli to‘lashi kerakligini aytdi.
«Biz ular 50 yil davomida yetkazgan zarari uchun pul so‘raymiz. Shunday qilib, agar to‘lanishi kerak bo‘lgan zararlar bo‘lsa, o‘ylaymanki, Eron bu zararlarni to‘lashi kerak», dedi Tramp. Uning aytishicha, to‘lovlar mintaqadagi tinch namoyishchilar va AQSh harbiylari o‘rtasidagi o‘lim holatlarini qoplaydi.
Trampning ilgari aytmagan ushbu taklifi - Tehronning tovon puli to‘lash va sanksiyalarni bekor qilish haqidagi talablariga javob bo‘ldi. Ammo Eronning talablari osmondan olinmagan, balki iyun oyida imzolangan va keyinchalik barbod bo‘lgan tinchlik kelishuvi shartlariga mos keladi.
Bu ritorik keskinlashuv Ho‘rmuz bo‘g‘ozini qayta ochish borasidagi harakatlarni qiyinlashtirishi kutilmoqda.
Fevral oyida urush boshlanganidan beri Tramp bir necha bor o‘zgaruvchan pozitsiyada bo‘lib kelmoqda.
2025-yil oxiridagi namoyishlarga to‘xtalar ekan, Tramp Eron o‘shanda 52 mingga yaqin namoyishchini o‘ldirganini aytdi. Ammo AQShda joylashgan Inson huquqlari tashkilotlari fevral oyidagi tartibsizliklarda 7 mingga yaqin odam, jumladan, 6,5 ming namoyishchi halok bo‘lgani haqida xabar bergandi.
Fevral oyida urush boshlagan Tramp namoyishchilarni Eron hukumatini ag‘darishga ham chaqirgandi.
Turkiyada kurd jangarilari uchun amnistiya
Turkiya parlamenti «Kurdiston ishchilar partiyasi» (KIP) jangarilari uchun cheklangan va ma’lum shartlarga bog‘liq amnistiya to‘g‘risidagi qonunni ma’qulladi. Qonunda 27 yildan beri qamoqda saqlanayotgan, «Kurdiston ishchilar partiyasi» asoschisi Abdulla O‘jalanning taqdiri haqida hech qanday ko‘rsatma yo‘q.
Hujjat kurd jangarilarining Turkiyada tinch hayotga qaytishiga yo‘l ochadigan mexanizmni nazarda tutadi. Shunga asosan, bir qator jinoyatlar uchun jinoiy ta’qib va jazolarni ijro etish – 5 yildan 10 yilgacha muddatga to‘xtatiladi. Agar ushbu davr mobaynida yangi jinoyatlar sodir etilmasa, jazolar o‘talgan deb hisoblanadi. Qotillik kabi og‘ir jinoyatlar ushbu amnistiyadan mustasno qilinadi.
Turk deputatlariga ko‘ra, birinchi bosqichda Turkiya qamoqxonalarida saqlanayotgan Kurdiston ishchi partiyasi tarafdorlarining 3500 ga yaqini ozod etilishi mumkin.
Bu qoidalar faqat – partiya va unga aloqador kuchlar tarqatib yuborilgani, shuningdek, ular qurollarini topshirgani tasdiqlangach qo‘llanishi mumkin.
Turkiya prezidenti ma’muriyati ushbu qonunni «terrorizmsiz Turkiya»ni qo‘llab-quvvatlovchi «muhim signal» sifatida olqishladi. Ma’muriyat bu hujjat «mamlakat birligi va yaxlitligini mustahkamlashi» kerakligini ta’kidladi.
Ayni paytda kurdlar agar Abdulla O‘jalan ozod qilinmasa, qonunning ko‘plab qoidalari kutilgan natijani bermasligini aytmoqda.
Suriya va Rossiya kelishuvi
Suriya va Rossiya o‘rtasida 18 oylik qizg‘in muzokaralardan so‘ng, 9-avgust kuni Tartus va Xmeymimdagi Rossiya bazalari bo‘yicha anglashuv memorandumiga erishildi.
Suriya tashqi ishlar vazirligiga ko‘ra, rasmiy Damashq - fuqarolik ob’yektlarini, jumladan, Xmeymim aeroporti va Tartus portidagi tijorat prichalini boshqarishni o‘z zimmasiga oladi. Bu ularning bosqichma-bosqich Suriya fuqarolik ma’muriyati tizimiga integratsiya qilinishiga imkon beradi.
Shuningdek, harbiy ob’yektlar har ikki tomon manfaatlarini himoya qiluvchi yangi kelishuvlarga asosan qo‘shma tayyorgarlik va malaka oshirish markazlari sifatida qayta ixtisoslashtiriladi.
Rossiyaning Tartusdagi harbiy-dengiz ob’yekti va Xmeymim aviabazasi uzoq vaqt davomida Moskvaning Yaqin Sharqdagi asosiy harbiy tayanchi bo‘lib kelgan.
2024-yil dekabrda diktator Bashar Asad hokimiyatdan ag‘darilganidan beri ushbu bazalar kelajagi Suriyaning yangi rahbariyati bilan muzokaralar mavzusi bo‘lib kelmoqda.
AQSh 175 ming vizani bekor qildi
AQSh davlat departamenti prezident Donald Tramp ma’muriyati davrida chet el fuqarolarining 175 mingdan ortiq vizalarini bekor qilganini ma’lum qildi. Departament o‘z bayonotida vizalarning bekor qilinishi «jinoyat sodir etgan, AQSh fuqarolariga qarshi zo‘ravonlikka chaqirgan, amerikaliklarni firibgarlik yo‘li bilan aldagan, tizimni suiiste’mol qilgan yoki milliy xavfsizlikka xavf tug‘dirgan» chet elliklarga qaratilganini ta’kidladi.
Aksariyat vizalar - huquqni muhofaza qilish organlari xodimlari bilan «to‘qnashuvlar»dan so‘ng bekor qilingan. Rasmiylar bir qancha aniq jinoyatlarning tafsilotlarini ham keltirgan.
Yanvar oyida departament o‘sha vaqtdagi rekord ko‘rsatkich hisoblangan 100 mingdan ortiq vizani bekor qilganini bildirgan edi.
Vizalarning bekor qilinish ko‘lami - qonuniy vizaga ega bo‘lganlarni ham deportatsiya qilishga qaratilgan keng qamrovli immigratsiya cheklovlarini aks ettiradi. Ma’muriyat, shuningdek, ijtimoiy tarmoqlarni tekshirish va nazoratni kengaytirish orqali vizalar berish bo‘yicha ham qat’iyroq siyosatni qabul qildi.
Inson huquqlari bo‘yicha ekspertlar Tramp ma’muriyatining ijtimoiy tarmoqlarni tekshirish bo‘yicha sa’y-harakatlarini qoralagan. Ularning aytishicha, bu so‘z erkinligiga tahdid soladi hamda muhojirlarni kuzatish va ajratib ko‘rsatish bilan barobardir.







