– Yangi O‘zbekistondagi islohotlarimizning ilk kunlaridan yangi ish o‘rinlarini yaratish va zamonaviy quvvatlarni ishga tushirishni asosiy yo‘nalish sifatida belgilab olganmiz. Shu maqsadda Xorazm viloyati bo‘yicha ham alohida dastur va qarorlarni tasdiqlab, mablag‘ini ham, mas’ullarini ham aniq belgilab, ishlarni tashkil qilyapmiz, – dedi davlat rahbari.

Agar 2016-yilda Xorazm viloyatiga bor-yo‘g‘i 30 million dollar xorijiy investitsiya jalb qilingan bo‘lsa, 2026-yilda bu ko‘rsatkich 2 milliard dollardan oshmoqda.

Mustaqillik bayrami arafasida Urganch xalqaro aeroportidan Xivagacha elektrlashgan temiryo‘l liniyasi foydalanishga topshirildi. Urganch–Xiva pulli avtomobil yo‘li ham ishga tushirilmoqda. Bu mamlakatdagi birinchi pulli avtomobil yo‘li bo‘ladi. U orqali Urganchdan Xivaga yetib borish vaqti 45 daqiqadan 20 daqiqaga qisqaradi.

– Bu ishlarimizning davomi sifatida bugun sizlar bilan 176 million dollarlik 12 ta loyihani ishga tushiramiz. Shuningdek, xorijiy hamkorlar ishtirokida barpo etiladigan 7 milliard 424 million dollarlik 15 ta yangi quvvat qurilishiga start beramiz, – dedi prezident.
Jumladan, Tuproqqal’a tumanida Birlashgan Arab Amirliklaridagi hamkorlar bilan umumiy qiymati 6 milliard dollarlik ekologik aviatsiya yoqilg‘isi ishlab chiqarish loyihasi amalga oshiriladi. Loyihaga Xitoyning Sinopec kompaniyasi jalb etilgan bo‘lib, yer maydonini tayyorlash va loyiha hujjatlarini ishlab chiqish ishlari boshlangan.
Slovakiyalik hamkorlar bilan 5 ming gektar qumli yerni o‘zlashtirish va 170 million dollarlik bioetanol ishlab chiqarish korxonasini tashkil etish rejalashtirilgan. Hozirning o‘zida 1,5 ming gektar maydonda amaliy ishlar boshlangan.











