Prezident Shavkat Mirziyoyev 19-avgust kuni kichik va mikro gidroelektr stansiyalari tarmog‘ini rivojlantirishning navbatdagi chora-tadbirlari yuzasidan taqdimot bilan tanishdi.
Qayd qilinishicha, o‘tgan yili qabul qilingan alohida qarorga muvofiq, xususiy sektor ishtirokida jami 164 megavatt quvvatli qariyb 3 mingta kichik va mikro GES qurish belgilangan.
Bugungi kunda 64 ta loyiha ishga tushirilib, ularning jami quvvati 41,6 megavattga yetgan. Ammo bu belgilangan quvvatning atigi to‘rtdan bir qismini tashkil etadi. Rejadagi qariyb 3 mingta loyihadan 932 tasi bo‘yicha tashabbuskor aniqlangan. Jahon banki ishtirokida ajratilgan 150 million dollarlik imtiyozli resurslardan foydalanish ham sust ketayotgani qayd etildi.

Tadbirkor va investorlarda stansiyalarni qurish hamda ishlab chiqarilgan elektr energiyasini sotish shartlari bo‘yicha savollar ko‘pligi ko‘rsatib o‘tildi.
Shu munosabat bilan auksionlarda loyihaning boshlang‘ich narxi bilan birga elektr energiyasini xarid qilish tarifining eng quyi chegarasini belgilash, tariflarni stansiya quvvatiga qarab tabaqalashtirish taklif qilindi. Bu “nol” qiymatda yutib olingan, ammo amalga oshirilmay qolgan loyihalar muammosini hal etib, investorlar uchun aniq va barqaror shart-sharoit yaratadi.
Shuningdek, 100 kilovattgacha bo‘lgan mikro GESlarni loyihalash va qurish soddalashtirilgan tartibda amalga oshiriladi. Quvvati 50 kilovattgacha bo‘lgan loyihalar shaharsozlik hujjatlari ekspertizasi va davlat arxitektura-qurilish nazoratidan ozod etiladi.
Qo‘shimcha suv bosimini hosil qilish uchun kanal, daryo va o‘zanlar konstruksiyasiga o‘zgartirish kiritishga ruxsat beriladi. Suv xo‘jaligi ob’yektlarida o‘z ehtiyojlari uchun kichik va mikro GESlarni auksionsiz qurish imkoniyati ham yaratiladi.

Loyihalar uchun munosib joylarni aniqlashdan tortib, ularni ishga tushirish va ekspluatatsiya qilishgacha bo‘lgan jarayonlarni qamrab oluvchi raqamli platforma joriy etiladi. Shu bilan birga, loyihalash, qurish va foydalanish bo‘yicha yagona uslubiy qo‘llanma hamda xususiy sektor ishtirokida loyihalarni amalga oshirish tartibi ishlab chiqiladi.
















