Taqdimotda qayd qilinishicha, 2030-yilga borib, mamlakat iqtisodiyoti hajmini 300 milliard dollarga yetkazish maqsad qilingan, aholi soni esa 41 milliondan ortishi kutilmoqda.
Sanoatning oʻzida elektr energiyasi isteʼmoli 2030-yilgacha 38 milliard kilovatt-soatdan 53,5 milliard kilovatt-soatgacha oʻsishi prognoz qilinmoqda. Elektromobillar va data-markazlar rivojlanishi ham tizimga qoʻshimcha yuklama beradi. Shu bois, generatsiya quvvatlarini talabdan oldin rivojlantirish, elektr tarmoqlarining oʻtkazuvchanligini oshirish va yetarli zaxira quvvatlarini shakllantirish zarurligi qayd etildi.
Rejaga koʻra, 2030-yilga borib, mamlakatdagi generatsiya quvvatlari 46,1 gigavattga yetkazilib, yiliga qariyb 129 milliard kilovatt-soat elektr energiyasi ishlab chiqarish imkoniyati yaratiladi. 2035-yilda esa quvvatlarni 57,2 gigavattga, yillik generatsiyani 154,7 milliard kilovatt-soatga yetkazish koʻzda tutilgan.
Taqdimotda elektr energiyasi isteʼmolining turli oʻsish ssenariylari ham koʻrib chiqildi.
Hisob-kitoblarga koʻra, isteʼmol moʻʼtadil oʻsganda 2030-yilgacha generatsiya va talab oʻrtasida yetarli muvozanat saqlanadi. Biroq iqtisodiyot, sanoat, elektr transport va raqamli infratuzilma tez surʼatlarda rivojlangan taqdirda qoʻshimcha generatsiya quvvatlariga ehtiyoj paydo boʻladi.
Davlat rahbari energetika sohasidagi rejalar iqtisodiyotning yuqori oʻsish surʼatlarini hisobga olgan holda shakllantirilishi, tizimda doimo yetarli zaxira quvvati boʻlishi shartligini taʼkidladi.
Shundan kelib chiqib, qoʻshimcha shamol elektr stansiyalari va energiya saqlash tizimlarini barpo etish, amalga oshirilayotgan quyosh va shamol energetikasi loyihalarini jadallashtirish boʻyicha takliflar koʻrib chiqildi.
Ayni paytda iqtisodiy samaradorligi past, moliyalashtirish manbasi aniq boʻlmagan yoki uzoq vaqtdan buyon kechikayotgan ayrim loyihalarni qayta koʻrib chiqish zarurligi qayd etildi. Yangi quvvatlarni tanlashda faqat ularning hajmi emas, balki elektr energiyasi tannarxi, tarmoqqa ulanish imkoniyati, energiya saqlash tizimlari bilan uygʻunligi va umumiy energobalansga taʼsiri asosiy mezon boʻlishi belgilandi.
Qayta tiklanuvchi energiya manbalari ulushi ortib borgan sari energiya saqlash tizimlarining ahamiyati ham oshmoqda.

















