O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev «Qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish to‘g‘risida»gi qonunni imzoladi. Qonunga muvofiq, qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish sohasidagi davlat siyosatining asosiy yo‘nalishlari belgilandi. 

Kun.uz qonun loyihasi ustida bevosita ish olib borgan Qonunchilik palatasi Spikerining o‘rinbosari - Ekoharakat deputatlik guruhi rahbari, Ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish masalalari qo‘mitasi raisi Boriy Alixonov hamda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish masalalari qo‘mitasi a'zosi Islom Xushvaqtov bilan muloqotda bo‘lib, qonunning tayyorlanishi va u ochib berayotgan imkoniyatlar haqida ma'lumotga ega bo‘ldi. Quyida deputatlarning fikrlari havola etiladi. 

Kun.uz: O‘zbekistonda qayta tiklanuvchi energiya sohasini rivojlantirish qanchalik kerak?

Boriy Alixonov: «O‘zbekistonda qayta tiklanuvi energiyani rivojlantirish to‘g‘risida»gi qonunga imzo chekildi. Qonun qayta tiklanuvchi energiyani rivojlantirish uchun huquqiy asos bo‘lib xizmat qiladi. Energetika har qanday iqtisodiyotning qon tomiri hisoblanadi, shu bois energetika sohasini diversifikatsiya qilish dolzarb masaladir. Neft, gaz, ko‘mir energetikaning asosiy manbalaridir. Hozirda yiliga 12 mlrd tonna energiya manbalari qazib olinmoqda. Ammo kelgusi taxminan 40 yilda neft, 50-60 yilda gaz, 100 yilda ko‘mir zaxiralari tugaydi. Shu bois muqobil yoki qayta tiklanuvchi energiyani rivojlantirish muhim. Yetakchi davlatlarda quyosh, shamol, suv, geotermal energiyadan foydalanmoqda. Bular umumiy energetik salohiyatning 20 foizdan ko‘prog‘ini tashkil etadi.

O‘zbekiston yiliga 182 mln tonna neft ekvivalentiga teng quyosh energiyasiga ega. Mamlakat har yili 60-65 tonna neft ekvivalentiga teng energiyani iste'mol qilayotgan bo‘lsa, bu talabga qaraganda 3 hissa ko‘p taklif bor, degani. Umumiy hisobda esa quyosh 51 mlrd tonna neft salohiyatiga ega.

An'anaviy usulda uzoq hududlarga energiya uzatishda 30-35 foiz yo‘qotish bo‘ladi. Shuningdek, qazib chiqarish jarayoni ham iqtisodiy, ijtimoiy va ekologik zarar tug‘diradi. Quyosh energiyasi esa ekologik toza mahsulot hisoblanadi.

Hozirda butun dunyoda yashil iqtisodiyotni rivojlantirish g‘oyasi ilgari surilmoqda. Bu tabiiy resurslardan oqilona foydalanish va ekologik toza texnologiyalarni qo‘llash asosida iqtisodiyotni rivojlantirishni nazarda tutadi. O‘zbekiston iqlimni muhofaza qilish haqidagi Parij konvensiyasini ratifikatsiya qildi. Bu hujjatning issiqxona gazlarini kamaytirish degan qismi mavjud, bunga esa qayta tiklanuvchi energiyadan foydalanish orqali erishish mumkin.