Kun.uz bu keysni oʻrganish barobarida qardosh mamlakatdagi "oʻzbek kelin" degan salbiy tamgʻa qanday paydo boʻlayotgani sabablariga qiziqdi.

Turkiyadagi oilalardan biriga kelin boʻlib tushgan oʻzbekistonlik Maʼmura Burhonova toʻydan koʻp oʻtmay kuyov tomon bergan tilla taqinchoqlarni oʻgʻirlab, qochib ketganlikda ayblandi. Bu xabarlar turk nashrlarida tarqalgach ayol mahalliy politsiyaga borib, oʻziga nisbatan ayblovlarni rad etgan. Ayolning aytishicha, tillalarni qaynotasiga topshirgan, qaynotasi esa ularni kredit va boshqa qarzlarni yopish uchun sotib yuborganini yozishmalarda qayd etgan. Hozir holat yuzasidan surishtiruv davom etmoqda. Bu Turkiyada oʻzbekistonlik kelinlar bilan bogʻliq birinchi mojaro emas.

Avvalroq oʻzbekistonlik Gulbahor Jumaniyozovaga ham shunga oʻxshash ayblov qoʻyilgan edi. Unga uylanish niyatida boʻlgan erkak ayol uni 20 ming dollarga aldaganini iddao qilgan. Shu mavzuda turk telekanalida efirga chiqish vaqtida politsiya ayolni olib ketgan. Keyin Turkiyadagi Oʻzbek xotin-qizlari huquqlarini himoya qilish jamiyatining aralashuvi bilan ayol qamoqdan ozod qilingan.

Bu ikki holatda ham hali yakuniy huquqiy xulosa chiqarilmasidan turib, bu ayollar jamoatchilik oldida ayblov markaziga tushishdi.

Aytish kerakki, soʻnggi yillarda turk-oʻzbek nikohlari soni oshib bormoqda. Masalan, 2024-yilda 3509 nafar oʻzbekistonlik ayol Turkiya fuqarolariga turmushga chiqqan. 2025-yilda esa bu raqam 3925 nafarga yetgan. Oʻzbekistonlik ayollar 2025-yilda Turkiyadagi xorijlik kelinlarning 13,7 foizini tashkil etgan va bu koʻrsatkich boʻyicha Suriyadan keyin ikkinchi oʻrinda turgan.

Shunday ekan, bu oilalardagi mojarolar qanday yoritilishi yoki jamoatchilikka qanday taqdim etilishi ham ikki insonning munosabatidan koʻra kattaroq masala hisoblanadi. Turkiyalik olim Erkan Evji ham turli millat vakillari oʻrtasidagi nikohlar koʻpaygan boshqa holatlarda, jumladan ozarboyjon-turk nikohlari misolida ham shunga oʻxshash muammolar kuzatilganini taʼkidlaydi.

«Turkiyada rasmiy raqamlarga koʻra, 60 mingga yaqin oʻzbeklar yashaydi. Norasmiy yashaydiganlar bilan balki 100 ming oʻzbek bor. Shu 100 ming oʻzbekning balki 60-70 foizi oʻzbek ayollari boʻlyapti. Raqamlarga nisbatan bu voqealar balki kam – 5-10 ta boʻlyapti. Biz koʻrmagan, bu nikohdan xursand yashayotganlar koʻp.

Bu mavzu bir paytlar ozarboyjonliklarda ham boʻlardi. 90 yillar oxiri 2000-yillar boshida koʻp eshitgandim bunaqa narsani. Yaʼni «ozarboyjonlik qiz turmush qurib, oltinlarni olib qochdi» deyilgan xabarlardan. Lekin bugun ozarboyjonliklar bilan aloqalarimiz yaxshilanib ketgan. Bugun Oʻzbekiston bilan boʻlyapti. Chunki turklar oʻzbeklarni yangi taniyapti, ilgari tanimasdik, bilmasdik. 10 yil oldin oʻzbek ayol bilan turmush qurganimda «bu musulmonmi?» degan savollarni koʻp eshitdim. Oʻzbeklarning qanday yashashini, qanday urf-odatlari borligini endi oʻrganyapmiz biz. Shuning uchun bilmasdan, faqat mediamanipulyatsiyalar bilan Turkiyada insonlar oʻzbeklar haqida notoʻgʻri oʻylashyapti.

Mediada bir xabar berilganda «oʻzbek qildi, qozoq qildi, yoki boshqa millat qildi» deb emas, millat nomini aytmaslik kerak. Chunki bunda insonlar miyasida notoʻgʻri maʼlumot boʻlyapti. Hatto oʻzbek mediasida ham koʻrdim, turk mediasida ham koʻrdim «oʻzbek kelin» deb taʼkidlashganini.Dezinformatsiya bor bunda.

Oxirgi 10 yilda 25 mingta oʻzbek kelin Turkiyaga borgan. Turkiyada gender tenglik sababli ayollar huquqlari yuqoriga chiqib ketdi. Bu baʼzi qadriyatlarimiz yoʻqolishiga olib keldi. Shuning uchun bizning erkaklar anʼanaviy jihatdan kuchli boʻlgan ayollar bilan turmush qurishni xohlaydilar. Shuning uchun Oʻzbekiston, Turkmaniston yoki boshqa mamlakatlardan ham bor kelinlar. Oʻzbekistonda esa bizning erkaklarga turmushga chiqishlariga sabab – bizning seriallarni koʻr koʻrishyapti. Bu kino-seriallarda Turkiyadagi hayotni muhtasham koʻrishyapti. Bizda dengizni, goʻzalliklarni koʻrishyapti, havas qilishyapti. Lekin haqiqiy hayotni koʻrishmayapti. Bir foiz odam kinolardagiday lyuks hayotda yashaydi bizda. Koʻpchilik oddiy oʻzbek hayoti kabi yashaydi. Bizdayam maoshlar qiyin, iqtisodiy tomondan qiynalyapmiz. Hamma mamlakatlardagi kabi muammolar boʻlyapti.

Turkiyada 87 mln odam boʻlsa, millionlab odam dengizni koʻrmagan haligacha. Birgina Istanbulda 100 ming odam dengiz koʻrmasdan yashayapti. Shuning uchun notoʻgʻri oʻylashyapti, bormasdan toʻgʻri tadqiq qilish kerak. Turmushga chiqmoqchi boʻlgan odamning oilasi yaxshimi deb oʻylash kerak» deydi u.

Bu masala faqat «oʻzbek kelin»ga qoʻyilgan ayblovlar bilan cheklanmaydi. 2026-yil boshida Turkiyada oʻzbekistonlik Durdona Hakimova va Sayyora Ergashaliyeva bilan bogʻliq fojiali voqealar ham jamoatchilikni jiddiy oʻylantirgandi. Shu bois bugun savolni kim aybdor degan tor doirada emas, balki Turkiyada yashayotgan oʻzbek ayollarining huquqi va xavfsizligi qanday taʼminlanayotgani nuqtayi nazaridan qoʻyish kerak.

Buning uchun nafaqat jamiyat, balki ikki davlatning masʼul idoralari ham daxldor. Chunki xorijda oila qurayotgan fuqarolarning huquqiy himoyasi, muammoga duch kelganda yordam olishi va millatlararo munosabatlarga salbiy taʼsir qiluvchi stereotiplarning oldini olish eʼtiborsiz qoldirib boʻlmaydigan masala.