O‘tgan kun davomida jahonda ro‘y bergan eng asosiy voqea va yangiliklar sharhi bilan kundalik xabarnomada tanishtiramiz.
Eronga iqtisodiy oqibatlar
AQSh prezidenti Donald Tramp chorshanba oqshomida Eronga «misli ko‘rilmagan darajadagi iqtisodiy urush va yakkalab qo‘yish» choralari bilan tahdid qildi. Biroq tafsilotlarni ochiqlamadi.
«Bugun men hali hech bir davlatga nisbatan qo‘llanmagan eng qaqshatqich iqtisodiy operatsiyani e’lon qilaman», deb yozdi Tramp. Aslida Eron 1979-yilgi inqilobdan buyon uzluksiz iqtisodiy sanksiyalarga dosh berib kelmoqda.
Tramp, shuningdek, «moliyaviy institutlari, aeroport yoki davlat idoralariga - Eronga «har qanday ko‘rinishda yordam berishiga ruxsat bergan» davlatlar»ni ham ulkan iqtisodiy oqibatlar bilan ogohlantirdi.
Odatda Trampning ijtimoiy tarmoqlardagi tahdidlari doim ham to‘liq asoslanmaydi yoki to‘liq amalga oshirilmaydi. Shuningdek, u bunday davlatlarga qarshi AQSh qanday choralar ko‘rishiga oydinlik kiritmadi.
Seshanba kuni AQSh ittifoqchisi hisoblangan BAA ham Eron bilan barcha savdo faoliyati, tijoriy almashinuvlar va moliyaviy operatsiyalarni to‘xtatishini ma’lum qilgandi. Ushbu bayonot BAA tomoni Erondan uchirilgan va dengizga qulagan ikkita raketani aniqlaganidan so‘ng e’lon qilindi; Eron esa ushbu xabarni asossiz deb rad etdi.
Oldinroq oliy rahbar maslahatchisi Muhammad Muxbir davlat nashrlariga bergan izohida – harbiy bosim va sanksiyalar Eronning qat’iyatini buka olmasligini aytgandi.
Rossiya-Ukraina urushi
Payshanbaga o‘tar kechasi Rossiya tomonidan amalga oshirilgan raketa zarbalari oqibatida poytaxt Kiyev va uning atrofidagi hududlarda kamida 12 kishi halok bo‘ldi.
Ukraina favqulodda xizmatlariga ko‘ra, tungi «yirik hujum» nishonida ko‘p qavatli turar joy binolari va omborxonalar bo‘lgan. Zarbalar oqibatida yana 33 kishi jarohatlangan.
Qutqaruv guruhlari vayron bo‘lgan binolar ostida qolganlarni olib chiqishga harakat qilmoqda.
Kiyev meri Vitaliy Klichkoning aytishicha, tunda berilgan zarbalar oqibatida bolalar shifoxonasi ziyon ko‘rgan, uning derazalari singan va yaqin atrofdagi avtomobillar yonib ketgan.
















