Toshkent shahri Yakkasaroy tumanidagi Shota Rustaveli koʻchasida joylashgan sobiq «Toʻqimachi» stadioni buzilyapti. Hududdagi sport inshootlari va unga tegishli obyektlar demontaj qilinayotgan boʻlsada, ayni paytda uning nega buzilayotgani, yer maydoni kimga oʻtgani hamda stadion oʻrnida nima qurilishi haqida aniq maʼlumot yoʻq.

2025-yilning 21-avgust kuni «Oʻzbekistonda futbol sohasini raqamlashtirish va ommaviyligini yanada oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida»gi prezident qarori imzolangandi.

Mazkur qaror bilan davlat mulki obyekti boʻlgan futbol stadionlari va maydonlarining foydalanish maqsadlarini oʻzgartirish va sotuvga chiqarish taqiqlangan.

Kadastr agentligi axborot tizimlariga davlat mulkidagi futbol stadion va maydonlarining foydalanish maqsadlari oʻzgartirilishi hamda sotuvga chiqarilishi taqiqlanishi haqida tegishli oʻzgarishlar kiritilishi kerak edi.