Tashrif davomida Shavkat Mirziyoyev va Narendra Modi delegatsiyalar ishtirokidagi muzokaralar oʻtkazadi, ikki davlat oʻrtasidagi strategik sheriklikni yanada rivojlantirish masalalari muhokama qilinadi.

Tomonlar savdo va investitsiyalar, mudofaa, raqamli aloqalar, energetika, taʼlim va xalqlar oʻrtasidagi aloqalar sohalaridagi hamkorlikni koʻrib chiqadi.

Shuningdek, Hindistonning “Viksit Bharat 2047” va Oʻzbekistonning “Oʻzbekiston – 2030” strategiyalari doirasidagi umumiy rivojlanish maqsadlarini ilgari surish boʻyicha fikr almashiladi.

Tashrif dasturidan Narendra Modining Toshkentdagi Lal Bahadur Shastri yodgorligi hamda Toshkent davlat sharqshunoslik universitetidagi Mahatma Gandi markaziga borishi ham oʻrin olgan.

Hindiston bosh vaziri Oʻzbekistondan soʻng Qirgʻiziston prezidenti Sadir Japarov taklifiga binoan Bishkekka yoʻl oladi. U yerda 31-avgust – 1-sentabr kunlari Shanxay hamkorlik tashkilotining 26-sammitida ishtirok etadi.

2026-yilgi sammit SHHT tashkil etilganining 25 yilligiga toʻgʻri keladi. Hindiston tashkilotning 2017-yildan buyon toʻlaqonli aʼzosi hisoblanadi.

Modi, shuningdek, Markaziy Osiyoning boy madaniy merosini namoyish etuvchi VI Jahon koʻchmanchilar oʻyinlarining ochilish marosimida qatnashadi.