800 ming fuqaroning 22 mlrd soʻmlik asossiz kommunal qarzi qayta hisoblandi. Kunning muhim yangiliklari bilan tanishtiramiz.

Pedofiliya uchun jazo kuchaytirildi

Prezident Shavkat Mirziyoyev bolalarga nisbatan zoʻravonlik jinoyatlari uchun jazoni ogʻirlashtiruvchi qonunni imzoladi. Qonun bilan 5 ta kodeks va 6 ta qonunga oʻzgartirishlar kiritildi.

Bundan buyon 14 yoshga toʻlmagan bolaga nisbatan jinsiy zoʻravonlik sodir etgan shaxslarga 25 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish yoki umrbod qamoq jazosi tayinlanadi. Bunday ogʻir jinoyatlar boʻyicha javobgarlikka tortish muddatida cheklov boʻlmaydi.

Shuningdek, jinsiy zoʻravonlikka oid jinoyat ishlari boʻyicha voyaga yetmagan jabrlanuvchiga davlat hisobidan yuridik yordam koʻrsatadigan advokatning ishtirok etishini taʼminlash choralari koʻriladi.

8 million dollarlik firibgarlikda bankning kiberxavfsizlik xodimi ham qatnashgani maʼlum boʻldi

Toshkentda banklar nomidan qoʻngʻiroq qilib, fuqarolarning pullarini oʻzlashtirish va ularning nomiga onlayn kredit rasmiylashtirish bilan shugʻullanganlikda gumonlanayotgan guruh faoliyatiga chek qoʻyildi. Xabarga koʻra, guruh tarkibida banklardan birining bosh ofisi kiberxavfsizlik boʻlimi xodimi ham boʻlgan.

Maʼlum qilinishicha, Toshkent shahri va Toshkent viloyatida yashovchi, 1989–2005-yillarda tugʻilgan besh nafar shaxs Mirobod tumanidagi noturar binoni ijaraga olib, soxta koll-markaz tashkil etgan.

Taqdim etilgan maʼlumotga koʻra, jinoiy yoʻl bilan topilgan jami 8 million AQSH dollari kriptovalyuta koʻrinishida soxta korxona orqali xorijiy davlatga chiqarilib, legallashtirilgan. Holat yuzasidan jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan.

Biznesni davlat tomonidan roʻyxatga olish tartibi belgilandi

Hukumat qarori bilan biznesni roʻyxatga olishni oʻtkazish chora-tadbirlari tasdiqlandi.