Oʻzbekiston transport vaziri Ilhom Maxkamov 28-avgust kuni XXRning Honkong maxsus maʼmuriy hududidagi “Bir makon, bir yoʻl” ofisi rahbari Nikolas Xo Lik-Chi bilan uchrashdi. Bu haqda vazirlik matbuot xizmati xabar bermoqda.

Uchrashuvda Toshkent–Samarqand pulli avtomobil yoʻli qurilishi loyihasini moliyalashtirishda Honkong banklarining ishtiroki masalasi koʻrib chiqildi. Lik-Chi bu loyiha Honkong tomoni uchun ustuvor ekanligini taʼkidladi.

Shuningdek, Oʻzbekiston va Honkong oʻrtasida havo qatnovi toʻgʻrisidagi Hukumatlararo bitimni imzolash hamda toʻgʻridan toʻgʻri muntazam aviaqatnovlarni yoʻlga qoʻyish masalasi ham muhokama qilindi.

“Muzokaralar yakunida tomonlar hamkorlikni yanada rivojlantirishdan manfaatdor ekanliklarini tasdiqladilar va istiqbolli loyihalarni puxta ishlab chiqish boʻyicha amaliy hamkorlikni davom ettirishga kelishib oldilar”, – deyiladi rasmiy xabarda.

Eslatib oʻtamiz, joriy yil may oyida Oʻzbekiston bosh vaziri Abdulla Aripov boshchiligidagi delegatsiya Honkongga tashrif buyurgan edi.

Toshkent–Samarqand pulli yoʻli qurilishiga 22-avgust kuni start berildi. 2,2 mlrd dollarlik loyihaning moliyalashtirish manbalari ochiqlanmagan.

Transport vaziri Ilhom Mahkamovga koʻra, loyiha ikki bosqichda amalga oshiriladi: avvaliga Xitoyning China Overseas Engineering Group (COVEC) kompaniyasi avtomagistralni qurib, uni 2030-yilda foydalanishga topshiradi, keyin tayyor yoʻlni boshqarish uchun operator kompaniya tanlanadi va u magistralni pulli yoʻlga aylantiradi.