Tegishli nizom Mudofaa vazirligi, Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi, Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi hamda Yoshlar ishlari agentligining qoʻshma qarori bilan tasdiqlandi.
Unga koʻra, imtiyozli tavsiyanoma «Vatan tayanchi» harakatida faol ishtirok etgan va taʼlim tashkilotini aʼlo baholar bilan tamomlagan har bir otryaddan bir nafar aʼzoga beriladi.
Shuningdek, «Jasorat maktabi»ni aʼlo baholar bilan tamomlagan har bir «Vatan tayanchi» otryadidan bir nafar aʼzo ham tavsiyanoma olishi mumkin.
«Vatanparvarlar» harbiy-sport musobaqalarining respublika bosqichida 1-oʻrinni egallagan jamoa aʼzolari hamda mahalla yoshlari oʻrtasida oʻtkaziladigan «Shijoat va gʻayrat» musobaqalarining respublika bosqichi gʻolibi boʻlgan jamoa aʼzolariga ham shunday tavsiyanoma beriladi.
Tavsiyanomaga ega abituriyentlarga Qurolli kuchlar tarkibiga kiruvchi vazirlik va idoralarning oliy harbiy hamda oliy harbiylashtirilgan taʼlim muassasalariga kirishda imtiyoz qoʻllanadi.
Bunda test sinovlari yoki yakka tartibdagi yakuniy suhbat natijasida abituriyent toʻplagan ballning 5 foizi miqdorida qoʻshimcha ball beriladi.
«Jasorat maktabi»ni aʼlo baholar bilan tamomlagan «Vatan tayanchi» otryadi aʼzosiga berilgan tavsiyanoma yuridik taʼlim muassasalariga oʻqishga kirishda ham imtiyozdan foydalanish huquqini beradi.
Tavsiyanoma rasmiylashtirilgan kundan boshlab uch yil davomida amal qiladi.













