Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy 1-sentabr kuni kechki murojaatida Rossiya havo hududidan foydalanayotgan xalqaro aviakompaniyalar va sugʻurta kompaniyalarini ehtimoliy xavflar haqida ogohlantirdi.
Uning soʻzlariga koʻra, Ukraina dronlarining Rossiya hududidagi obyektlarga hujumlari mamlakat havo hududidagi xavfsizlik vaziyatiga taʼsir qilmoqda.
Zelenskiy Rossiya havo hududidan foydalanayotgan har bir aviakompaniya, sugʻurta kompaniyasi va Rossiyaning yirik aeroportlari bilan ishlayotgan tomonlar vaziyatni inobatga olishi kerakligini taʼkidladi.
«Rossiya osmoni toʻliq xavfli boʻlib bormoqda», dedi u. Ukraina rahbarining aytishicha, Rossiya hududi uzra dronlar parvoz qilishi davom etadi va aviakompaniyalar bu omilni hisobga olishi zarur.
Zelenskiy Rossiya havo hududi amalda bosqichma-bosqich yopilib borishini ham iddao qildi. Shu bilan birga, u Ukraina fuqarolik aviatsiyasini nishonga olmasligini taʼkidladi.
«Biz Ukrainada begunoh odamlarning halok boʻlishini istamaymiz. Shuning uchun hamkorlarimizni ogohlantiryapmiz», dedi Zelenskiy.
Uning taʼkidlashicha, ushbu ogohlantirishni Ukraina va Rossiyadagi xorijiy elchixonalar, shuningdek, Moskva, Sankt-Peterburg va Rossiyaning boshqa asosiy yoʻnalishlariga parvoz qilayotgan aviakompaniyalar ham inobatga olishi kerak.
Ukraina Tashqi ishlar vazirligi va tegishli idoralar vaziyat boʻyicha xalqaro tashkilotlarga batafsil maʼlumot taqdim etishi rejalashtirilgan. Zelenskiy «fuqarolik aviatsiyasining dronlar orasida oʻrni yoʻq»ligini taʼkidladi.
Ukraina prezidentining bayonotidan soʻng «Aeroflot» aksiyalari Moskva birjasida 1-sentabr kechqurun 5,11 foizga arzonlab, bir aksiya uchun 30,36 rublgacha tushgan.
Rossiya prezidenti Vladimir Putin esa Zelenskiyning Rossiya havo hududi haqidagi bayonotini «davlat terrorizmiga daʼvo» deb atadi.
Putin Rossiya bunga javob berish yoʻllarini topishini bildirdi.
Avvalroq Financial Times milliarder Ilon Mask Ukrainaga Starlink tizimi bilan jihozlangan dronlardan Rossiya hududidagi nishonlarga zarba berish uchun foydalanishga ruxsat berishga tayyor ekani haqida xabar bergandi. Shu bilan birga, Mask bunday qaror siyosiy xarakterga ega boʻlib, uni AQSH maʼmuriyati qabul qilishi kerakligini taʼkidlagani aytilgan.











