Prezident Shavkat Mirziyoyev transport-logistika sohasidagi yirik loyihalarning borishi yuzasidan taqdimot bilan tanishdi.
Qayd etilishicha, mamlakat iqtisodiyotining jadal oʻsishi, sanoat ishlab chiqarishi va tashqi savdo hajmining kengayishi transport infratuzilmasini izchil rivojlantirishni taqozo etmoqda. Oʻzbekistonni Tinch okeanidan Yevropagacha boʻlgan eng qisqa quruqlik yoʻlagining asosiy boʻgʻiniga aylantirish, xalqaro bozorlarga chiqish imkoniyatlarini kengaytirish bu boradagi ustuvor vazifalardandir.

2030-yilga qadar transport xizmatlari hajmini ikki barobar oshirish, sohaga 9,1 milliard dollar investitsiya jalb qilish va xizmatlar eksportini 5,7 milliard dollarga yetkazish rejalashtirilgan. Taqdimotda ushbu maqsadlarga erishish uchun amalga oshirilayotgan infratuzilma loyihalari, ularning muddatlari va hal etilishi lozim boʻlgan masalalar koʻrib chiqildi.
Avvalo, aeroportlar qurilishi va modernizatsiyasi boʻyicha axborot berildi.
Toshkent va Buxoroda umumiy qiymati qariyb 3 milliard dollar boʻlgan yangi aeroport majmualarini barpo etish ishlari olib borilmoqda. Yangi Toshkent xalqaro aeroporti dastlabki bosqichda yiliga 20 million yoʻlovchiga xizmat koʻrsatishga moʻljallangan. Loyiha doirasida davlat-xususiy sheriklik bitimlari imzolanib, hududni qurilishga tayyorlash va muhandislik tarmoqlarini koʻchirish ishlari amalga oshirilmoqda.

Yangi Buxoro xalqaro aeroportida aerodrom infratuzilmasi barpo etilmoqda. Yoʻlovchi terminalini qurish va boshqarishga xususiy sherikni jalb qilish boʻyicha xalqaro tender oʻtkazilmoqda.
Shuningdek, Urganch, Namangan aeroportlarini davlat-xususiy sheriklik asosida, Andijon aeroportini xususiy operatorni jalb qilgan holda modernizatsiya qilish loyihalarining borishi koʻrib chiqildi. Natijada aeroportlarning oʻtkazuvchanligi oshirilib, yoʻlovchilarga xalqaro standartlar asosida xizmat koʻrsatish imkoniyatlari kengayadi.

















