4–6-sentabr kunlari Samarqand shahrida Parlamentlararo Ittifoq Yosh parlament aʼzolarining XII global konferensiyasi boʻlib oʻtdi. «Murakkab davrda inson huquqlari, adolat va inson qadr-qimmatini tiklash yoʻlida» mavzusidagi tadbirda dunyo mamlakatlarining yosh parlament aʼzolari va xalqaro tashkilotlar vakillari ishtirok etdi.

Konferensiya davomida inson huquqlari, yoshlarning siyosiy ishtiroki, raqamli xavfsizlik, iqlim oʻzgarishi va mehnat bozoridagi muammolar kabi masalalar muhokama qilindi.
Konferensiyada yosh parlamentariylar oʻz mamlakatlaridagi tajribalar bilan oʻrtoqlashdi. Nizolar sharoitida yoshlar huquqlarini himoya qilish, raqamli huquq va xavfsizlik, iqlim oʻzgarishi, munosib mehnat va yoshlar bandligi, yoshlar hamda xotin-qizlarning siyosiy ishtiroki, ularga nisbatan zoʻravonlikning oldini olish kabi mavzular kun tartibidan oʻrin oldi.

Tadbir doirasida BMT, Parlamentlararo Ittifoq, xalqaro tashkilotlar, fuqarolik jamiyati institutlari vakillari hamda turli mamlakatlar parlament aʼzolari ishtirokida ochiq muloqot va panel muhokamalar tashkil etildi.
Muhokamalarda yoshlarni qaror qabul qilish jarayonlariga kengroq jalb etish, ularning siyosiy huquqlarini taʼminlash hamda global muammolarga yechim topishda yosh avlod salohiyatidan samarali foydalanish masalalariga eʼtibor qaratildi.

Shuningdek, «Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishda parlamentlarning ishtiroki» mavzusida maxsus ochiq sessiya oʻtkazildi. Unda qonun chiqaruvchi hokimiyatning Barqaror rivojlanish maqsadlarini milliy darajada amalga oshirishdagi oʻrni va imkoniyatlari muhokama qilindi.
Konferensiya doirasida Oliy Majlis Senati raisi Tanzila Norboyeva Parlamentlararo Ittifoq prezidenti Tuliya Ekson, tashkilot bosh kotibi Anda Filip, BMT bosh kotibining yoshlar masalalari boʻyicha yordamchisi, BMT Yoshlar byurosi rahbari Felipe Pauliyer hamda Global March Against Child Labour harakati bosh direktori Asmita Satyartxi bilan uchrashdi.

Uchrashuvlarda Oʻzbekistonning PI va BMT bilan hamkorligini rivojlantirish, parlament diplomatiyasini kuchaytirish, yoshlarni qaror qabul qilish jarayonlariga jalb etish, yoshlar parlamentlari faoliyatini rivojlantirish va xalqaro tajriba almashinuvini kengaytirish masalalari muhokama qilindi.














