2026-yil kuz mavsumida International Expo Group MCHJ «Oʻzekspomarkaz» Milliy koʻrgazmalar majmuasida tibbiyot, energetika, qurilish, qishloq xoʻjaligi, oziq-ovqat sanoati hamda qadoqlash texnologiyalariga bagʻishlangan qator xalqaro ixtisoslashtirilgan koʻrgazmalarni tashkil etadi.
Bugungi kunda Oʻzbekiston «Oʻzbekiston - 2030» strategiyasi doirasida iqtisodiyotni barqaror rivojlantirish, sanoatni modernizatsiya qilish, innovatsion texnologiyalarni keng joriy etish, investitsiyaviy jozibadorlikni oshirish va xalqaro hamkorlikni mustahkamlashga qaratilgan izchil islohotlarni amalga oshirmoqda. Xalqaro koʻrgazmalar ushbu maqsadlarga erishishda muhim ahamiyat kasb etib, zamonaviy texnologiyalar transferi, investitsiyalarni jalb etish va yangi biznes hamkorliklarini yoʻlga qoʻyish uchun samarali maydon vazifasini oʻtaydi.
Har yili International Expo Group tomonidan tashkil etiladigan koʻrgazmalar dunyoning oʻnlab mamlakatlaridan ishlab chiqaruvchilar, uskunalar yetkazib beruvchilar, investorlar, davlat organlari, tarmoq uyushmalari hamda biznes vakillarini yagona maydonda birlashtiradi. Ishtirokchilar oʻz mahsulot va ishlanmalarini namoyish etish, tajriba almashish hamda yangi ishbilarmonlik aloqalarini oʻrnatish imkoniyatiga ega boʻladilar.
Sentabr: tibbiyot, goʻzallik va salomatlik
15–17-sentabr kunlari 18-xalqaro UzMedExpo koʻrgazmasi boʻlib oʻtadi.
Sogʻliqni saqlash tizimini rivojlantirish Oʻzbekiston davlat siyosatining ustuvor yoʻnalishlaridan biri hisoblanadi. Tibbiyot muassasalarini modernizatsiya qilish, sohani raqamlashtirish, farmatsevtika sanoatini rivojlantirish hamda ilgʻor texnologiyalarni joriy etish ushbu yoʻnalishdagi xalqaro tadbirlarga boʻlgan qiziqishni tobora oshirmoqda.
Koʻrgazmada tibbiy uskunalar, farmatsevtika mahsulotlari, stomatologiya, laboratoriya texnologiyalari va tibbiy xizmatlar namoyish etiladi. Shuningdek, «Goʻzallik va salomatlik» maxsus boʻlimida estetik tibbiyot, kosmetologiya, dermatologiya, wellness-industriyasi, professional kosmetika hamda goʻzallik salonlari va SPA-markazlari uchun uskunalar taqdim etiladi.

Oktabr: energetika va qurilish
20–22-oktabr kunlari 20-xalqaro UzEnergyExpo hamda 15-xalqaro UzStroyExpo koʻrgazmalari boʻlib oʻtadi.
Energetika tarmogʻi energetika infratuzilmasini modernizatsiya qilish, energiya samaradorligini oshirish va qayta tiklanuvchi energiya manbalarini rivojlantirish boʻyicha amalga oshirilayotgan davlat dasturlari hisobiga jadal surʼatlarda rivojlanmoqda.
















