Yevropa kosmik agentligi (ESA) mutaxassislarining maʼlum qilishicha, NGC 3239 nomi bilan ham tanilgan Arp 263 amerikalik astronom Xalton Arp tuzgan «Gʻayrioddiy galaktikalar atlasi»dagi eng ajoyib va gʻalati galaktikalardan biri hisoblanadi. Uning asosiy oʻziga xos jihati - tartibsiz va xaotik shaklidir.
Astronomlarning fikricha, Arp 263 bunday gʻayrioddiy koʻrinishga uzoq oʻtmishda boshqa galaktika bilan toʻqnashib, keyinchalik u bilan qoʻshilib ketishi natijasida ega boʻlgan.
Bu taxminni galaktika atrofidagi ikkita qisqa va egilgan «dum» ham quvvatlaydi. Bunday tuzilmalar odatda galaktikalarning kuchli gravitatsion oʻzaro taʼsiri, jumladan, ularning toʻqnashuvi natijasida paydo boʻladi.
Arp 263da hozir ham yangi yulduzlar faol shakllanmoqda. Bu ham galaktika tarkibidagi gaz kuchli tashqi taʼsirga uchraganidan dalolat beruvchi belgilardan biri hisoblanadi.
Odatda ikki galaktika qoʻshilganidan keyin ikkinchi galaktikaning muayyan izlari saqlanib qoladi. Biroq Arp 263 misolida uning ehtimoliy sobiq «hamrohi» deyarli izsiz yoʻqolgan.
Olimlar bu holatni ikki xil taxmin bilan izohlamoqda. Birinchi ehtimolga koʻra, ikkinchi galaktika juda kichik boʻlgan va uning moddasi Arp 263 tomonidan toʻliq yutib yuborilgan. Boshqa taxminga koʻra esa, u yorqinligiga nisbatan ancha katta massaga ega boʻlgan va shu sababli uning qoldiqlarini hozir aniqlash qiyin.
Hatto «Jeyms Uebb» teleskopining yuqori aniqligi va sezgirligi ham bu qadimiy jarayonning barcha sirlarini ochib berish uchun hozircha yetarli emas. Shunga qaramay, teleskopning yaqin infraqizil diapazonda ishlaydigan NIRCam kamerasi Arp 263ning avval kuzatish imkoni boʻlmagan tafsilotlarini koʻrsatdi.
Xususan, yangi tasvirda galaktikaning qalin gaz bulutlari ichida yashiringan koʻplab yulduz hosil boʻlish hududlarini koʻrish mumkin.
Galaktika boʻylab tarqalgan chang murakkab molekulalar chiqaradigan nurlanishni aks ettirib, tasvirda qizil tusda koʻrinadi. Yangi yulduzlar shakllanayotgan hududlar atrofidagi koʻk rangli qismlar esa yulduzlar nuri taʼsirida ionlashgan vodorod gazidir.
Eng faol yulduz hosil boʻlish hududi ixcham yulduz toʻdalari zanjiridan iborat. Bu zanjir yangi yulduzlar shakllanayotgan eng katta va yorqin tumanlik tomon choʻzilgan. «Jeyms Uebb» ushbu «yulduzlar beshigi»ning ichkarisiga nazar tashlash va u yerda allaqachon shakllangan yulduzlarni koʻrish imkonini berdi.
















