Sirdaryoda 2 nafar IIB xodimi jinoiy jazoga tortildi. Bu haqda “Bu kun” dasturida xabar berildi.

Maʼlum qilinishicha, Xovos tumanidagi fermer xoʻjaligi rahbari yer maydonida sodir etilgan noqonuniy holat boʻyicha IIBga murojaat qilgan. U oʻziga yetkazilgan zarar katta miqdorda boʻlgani bois tegishli tartibda jinoiy ish qoʻzgʻatilib, aybdorga nisbatan qonuniy chora koʻrishni soʻragan.

Arizaga asosan mazkur jinoyatni sodir etgan shaxs kimligi, u fermerga 30-40 mln soʻm atrofida zarar yetkazgani aniqlangan. Xovos tumani IIBning ikki xodimi ushbu jinoyatni yashirish maqsadida oʻzlari soxta dalillar tashkil qilgan: ular fermerga gumondor 30 mln soʻm zararni qoplab berolmasligini, undan 10-12 mln soʻm atrofida undirib berishlarini aytishgan. Fermer xoʻjalik raisi bunga rozi boʻlgan.

Shundan soʻng xodimlar gumondor shaxsni qoʻrqitib, fermerga 50 mln soʻm zarar yetkazganini, ushbu summani toʻlamasa qamalib ketishini aytishgan. Gumondor dastlab 24 mln soʻm keltirib bergan. Xodimlar ushbu pulning 12 mln soʻmini jabrlanuvchiga berishgan hamda holat boʻyicha jinoyat ishi qoʻzgʻatilmasligini, ish suddan maʼmuriy boʻlib oʻtishini maʼlum qilishgan.

Xodimlar kelishilgan 35 mln soʻmdan qolgan 11 mln soʻmni olayotgan vaqtda tezkor tadbirda qoʻlga olingan. 

JIB Sayxunobod tuman sudi hukmi bilan sobiq xodimlar pora olish va dalillarni qalbakilashtirish jinoyatlarini sodir qilishda aybli deb topilgan. Ulardan biriga 5 yil 1 oy, ikkinchisiga 6 yil 1 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.

Shuningdek, sud tomonidan shu kabi jinoyatlar sodir etilishining oldini olish boʻyicha xususiy ajrim chiqarilib, Sirdaryo viloyati IIBga yuborilgan.