«Arsenal» qutulib qoldi

«Bavariya» – «Arsenal» 2:2
Gollar: Eze, 25 (0:1). Deyvis, 35 (1:1). Keyn, 61 – penalti (2:1). Rays, 82 (2:2)
«Bavariya»: Noyer, Upamekano, Kim Min Je (Ta, 46), Stanishich, Laymer, Bishof, Pavlovich, Saybari (Karl, 68), Deyvis (Braun, 85), Gnabri (Dias, 68, Sapoko Ndiay, 90), Keyn
«Arsenal»: Rayya, Gabriel Magalyaysh, Konsa, Kalafiori, Timber, Gimaraysh (Lyuis-Skelli, 69), Rays, Edegor (Merino, 85), Madueke, Saka (Eze, 10), Havers (Yokeresh, 68)

Vensan Kompani kutilmaganda ehtiyotkor oʻyin uslubi tanladi Luis Diasni zaxirada qoldirib, koʻproq himoyaga yordam beradigan Stanishichni tushirdi. «Bavariya» oldingi chiziqda kuchli pressing bilan oʻynashdan voz kechdi va qarshi hujumlarga tayandi.

Londonliklar oʻyin startidayoq hujumdagi asosiy ijrochilaridan biri Bukayo Sakani yoʻqotdi. Oʻng qanot vingeri yoʻq joyda jarohat oldi – oʻyindan keyin chiqqan xabarlarga koʻra futbolchi dekabrgacha safga qayta olmasligi mumkin.

Arteta Sakaning oʻrniga Eberechi Ezeni maydonga tashladi va aynan u 25-daqiqada «Arsenal»ni hisobda oldinga olib chiqdi. Martin Edegor maydonning ikkinchi qismida turib toʻpni himoyachilar ortiga yetkazib berdi, Eze ofsayd chizigʻida harakat qilib bu pasga yetib bordi va osonlik bilan Manuel Noyerni dogʻda qoldirdi.

10 daqiqa oʻtib «Bavariya» javob qaytardi. Butun oʻyin davomida orqaroqqa tushib oʻynagan Harri Keyn xuddi Edegorniki kabi ideal pas berdi. Himoya chizigʻini kesib oʻtgan toʻpga Alfonso Devis yetib bordi va David Rayyaga hech qanday imkon qoldirmadi.

Ikkinchi boʻlimda mezbonlar hujumkor futbol namoyish etishga oʻtishdi va raqibni jarima maydoniga qamay boshladi. Bu oʻz samarasini berdi: Keynning zarbasidan keyin toʻp yoʻlini bloklashga uringan Yurrien Timberning qoʻli havoda qolib ketgani penaltiga sabab boʻldi. Harri 11 metrdan aniq zarba berdi – 2:1.

Myunxenliklar shundan keyin ham hujumda oʻynashda davom etishdi, ammo ikkinchi boʻlimning ikkinchi yarmida charchab qolishdi. Shundan keyin «Arsenal» oʻyin nazoratini qoʻliga oldi, Artetaning almashtirishlari bu safar ham oʻzini oqladi va hisob tenglashdi. Mehmonlar bir necha daqiqa davomida raqibning koʻzini ochirmadi va bu shturm Rays hisobni tenglashtirishi bilan yakunlandi – 2:1.