Maʼlum qilinishicha, tashkilot oʻz faoliyatida kundalik moliyaviy ehtiyojlarni bir joyda hal qilish, masofadan turib bank xizmatlaridan foydalanish va mijozlar bilan ishlash jarayonlarini soddalashtirishga eʼtibor qaratadi. Uning mobil ilovasida pul oʻtkazmalari, hisob ochish, elektron hamyondan foydalanish hamda toʻlovlarni amalga oshirish imkoniyatlari mavjud.

TAYANCH MIKROMOLIYA BANKI tarixi 2022-yilda TAYYAB FINANCE mikromoliya tashkilotining tashkil etilishi bilan boshlangan. Kompaniya keyinchalik transformatsiya jarayonidan oʻtib, 2025-yil 6-noyabrda Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy bankining 96-sonli litsenziyasini oldi. Shu tariqa mikromoliya sohasida shakllangan tajriba bank infratuzilmasi bilan birlashtirildi.

“Bu oʻzgarish faqat nom yoki huquqiy maqom almashishi bilan cheklanmaydi. Mikromoliya tashkilotidan bank formatiga oʻtish xizmatlar koʻlamini kengaytirish, mijozlar bilan ishlashning yangi mexanizmlarini shakllantirish va raqamli mahsulotlarni rivojlantirish uchun imkoniyat yaratadi. TAYANCH oʻzini aynan mijozga yaqin, sodda va zamonaviy moliyaviy xizmatlar modeli sifatida taqdim etmoqda”, – deydi “TAYANCH MIKROMOLIYA BANKI” AJ boshqaruv raisi Zohid Alimov.

Masʼulning aytishicha, bank nomining oʻzi uning pozitsiyasini anglatadi: TAYANCH insonning moliyaviy rejalari va kundalik ehtiyojlarida qoʻllab-quvvatlovchi vosita boʻlish gʻoyasiga qurilgan. Mazkur yondashuv bank xizmatlarini faqat kredit yoki hisob-raqam bilan cheklamaslikni nazarda tutadi.

“Mijoz uchun muhim jihat xizmatning tushunarli ekani, kundalik ehtiyojga moslashgani va undan foydalanishga qancha vaqt ketishi. Shu sababli, TAYANCH rivojlanish strategiyasida raqamli xizmatlarga alohida urgʻu bermoqda”, – deydi bank boshqaruv raisi oʻrinbosari Shohruh Yusufzoda.