Aholini şovqindan himoya qiliş töğrisidagi qonun. Asosiy maʼlumotlar
|17:25 / 11.09.202618 8319 min
Şovqin talablarini buzganlik uçun 8,8 mln sömgaça jarima qöllanişi mumkin.
Foto: Pix.uzFoto: Pix.uz
Özbekiston prezidenti «Aholini şovqinning zararli taʼsiridan himoya qiliş töğrisida»gi qonunni imzoladi. Oliy Majlis Qonunçilik palatasi tomonidan 2025-yil oktabrda qabul qilingan va Senat tomonidan 2026-yil iyunda maʼqullangan uşbu hujjat rasmiy eʼlon qilinganidan söng uç oy ötib kuçga kiradi.
Uşbu qonunning maqsadi – aholini şovqinning zararli taʼsiridan himoya qiliş sohasidagi munosabatlarni tartibga solişdan iborat.
Fuqarolar tinçini buzadigan holatlar
Qonun bilan şovqinning yöl qöyiladigan darajasidan yuqori, fuqarolarning osoyiştaligi va normal dam olişini buzadigan şovqinlar jumlasiga quyidagilar kiritildi:
turar joy binolari hududida insonlarning maişiy, uy-xöjalik faoliyati natijasida yuzaga keladigan şovqin;
quriliş maydonlaridagi mehnat faoliyati tufayli hamda quriliş texnikasi va transport vositalaridan yuzaga keladigan şovqin;
işlab çiqariş korxonalari tomonidan texnologik uskunalarni, şu jumladan yordamçi qurilmalarni işlatiş, şuningdek işlab çiqariş bilan boğliq bölgan har qanday turdagi işlarni bajariş vaqtida yuzaga keladigan şovqin;
turli toifadagi transport vositalarining işlaşi va harakatlanişi natijasida yuzaga keladigan şovqin;
oilaviy tadbirlarni ötkaziş çoğida, savdo komplekslari, umumiy ovqatlaniş korxonalari va köngiloçar obyektlar, aholiga xizmat körsatiş korxonalari faoliyati natijasida yuzaga keladigan, şu jumladan tovuş qurilmalaridan çiqariladigan şovqin;
pirotexnika buyumlaridan foydalaniş natijasida yuzaga keladigan şovqin.
Tinçlik rejimi
Qonun bilan tungi va dam oliş vaqtidagi tinçlik rejimlari aniq çegaralandi.
Endilikda iş kunlari soat 23:00 dan soat 07:00 gaça, dam oliş va bayram kunlari esa soat 22:00 dan soat 09:00 gaça bölgan vaqt oraliğida belgilangan normadan ortiq şovqin çiqariş va fuqarolarning osoyiştaligini buziş taqiqlanadi.
Turar joy binolari va ularga tutaş hududlarda quriliş, taʼmirlaş hamda rekonstruksiya işlarini ötkazişda şovqin manbalaridan foydalanişga faqat iş kunlari soat 09:00 dan 18:00 gaça ruxsat beriladi.
Dam oliş va bayram kunlarida turar joylarda şovqin çiqaradigan quriliş-taʼmirlaş işlarini olib borişga yöl qöyilmaydi.
Mavzuga oid
Fuqarolarning osoyiştaligini va normal dam olişini buzişga yöl qöyilmaydigan vaqt oraliğida belgilangan normadan ortiq şovqinga muntazam ravişda yöl qöyayotgan obyektlar faoliyati aholining hayoti va soğliği uçun haqiqiy xavf yuzaga kelişining oldini oliş bilan boğliq holda ön iş kunidan köp bölmagan muddatga vakolatli davlat organi, Özbekiston Respublikasi Içki işlar vazirligi tomonidan, ön iş kunidan ortiq muddatga uşbu organlarning arizasiga binoan sud tartibida töxtatib turilişi mumkin.
Qonun amal qilmaydigan holatlar
Uşbu qonun amal qilişi:
tabiiy şovqinlarga;
Özbekiston Respublikasi qonunçiligiga muvofiq, huquqbuzarliklarning oldini oliş, qöriqlaş xizmati, şoşilinç va tez tibbiy yordam körsatiş, tabiiy hamda texnogen xususiyatli favqulodda vaziyatlarni bartaraf etiş, şuningdek, jamoat xavfsizligini taʼminlaş bilan boğliq keçiktirib bölmaydigan işlarni amalga oşiriş natijasida yuzaga keladigan şovqinga;
milliy bayramlarni, ommaviy sport tadbirlarini hamda madaniy tadbirlarni ötkaziş, şuningdek, diniy rasm-rusumlar va marosimlarni bajariş natijasida yuzaga keladigan şovqinga nisbatan tatbiq etilmaydi.
Odamni sezilarli darajada bezovta qilmaydigan, inson organizmining funksional tizimlarida va şovqinga sezgir bölgan aʼzolarida jiddiy özgarişlarga olib kelmaydigan hamda sanitariya qoidalari va normalarida belgilanadigan şovqin darajasi – şovqinning yöl qöyiladigan darajasi hisoblanadi.
Şovqinning yöl qöyiladigan darajadan oşib ketişi natijasida odamda sezilarli darajada bezovtalik yuzaga kelişi, şuningdek organizmning funksional tizimlarida va şovqinga sezgir bölgan aʼzolarida jiddiy özgarişlar paydo bölişi – şovqinning zararli taʼsiridir.
Kompensatsiya talab qiliş mumkin
Şovqinning zararli taʼsiri natijasida yetkazilgan zarar uçun sud tartibida kompensatsiya undirilişi mumkin. Şovqinning zararli taʼsiri uçun kompensatsiya tölaş – şovqinning zararli taʼsirining oldini olişga qaratilgan tadbirlarni bajarişdan ozod etmaydi.
Şovqinning yöl qöyiladigan darajasidan yuqori bölgan mehnat şaroitlaridagi işlarda band bölgan xodimlarning mehnati uçun mehnat töğrisidagi qonunçilikka asosan oşirilgan miqdorda haq tölanadi.
Kompensatsiya tölovlari miqdorini Vazirlar Mahkamasi belgilaşi kerak. Buning uçun hukumatga qonun rasman eʼlon qilingan kundan eʼtiboran uç oy muddat beriladi.
Jismoniy va yuridik şaxslar tegişli hududda şovqinning zararli taʼsiri darajasi va körilayotgan himoya çoralari töğrisida töliq va işonçli maʼlumot oliş huquqiga ega.
Ular, şuningdek, aholini şovqindan himoya qiliş böyiça çora-tadbirlarni işlab çiqişda iştirok etişlari, qonunçilikni takomillaştiriş böyiça takliflar kiritişlari, aybdor şaxslardan yetkazilgan zararni qoplaşni talab qilişlari hamda davlat organlarining qarorlari va ular mansabdor şaxslarining harakatlari yoki harakatsizligi ustidan yuqori organga yoki sudga şikoyat qilişlari mumkin.
Bir vaqtning özida jismoniy va yuridik şaxslar şovqinning zararli taʼsiridan himoya qiliş töğrisidagi qonunçilikka rioya etişi hamda nazorat qiluvçi organlar va mansabdor şaxslarning qonuniy qarorlari va körsatmalarini bajarişi şart.
8,8 mln sömgaça jarima
Qonun bilan Maʼmuriy javobgarlik töğrisidagi kodeksning 192-moddasiga özgartiriş kiritilib, maişiy şovqinga qarşi kuraşiş talablarini buzganlik uçun jarimalar oşiriladi.
Hozirda fuqarolarning tungi vaqtda osoyiştaligi va normal dam olişini buzganlik uçun fuqarolarga BHMning uçdan bir qismi (146,5 ming söm atrofida), mansabdor şaxslarga BHMning uçdan bir qismidan ikkidan bir qismigaça (220 ming sömgaça) jarima mavjud.
Bir yil davomida xuddi şunday huquqbuzarlik takroran sodir etilganda jarima fuqarolar uçun BHMning ikkidan bir qismini (220 ming söm), mansabdor şaxslar uçun BHMning ikkidan bir qismidan bir baravarigaça (440 ming sömgaça) böladi.
Endi jarimalar miqdori sezilarli darajada oşadi. Xususan, birinçi qoidabuzarlikda fuqarolar uçun jarima miqdori BHMning 3 baravaridan 5 baravarigaça (1,32 mln sömdan 2,2 mln sömgaça), mansabdor şaxslar uçun BHMning 10 dan 15 baravarigaça (4,4 mln sömdan 6,6 mln sömgaça) böladi.
Xuddi şunday qoidabuzarlik bir yil davomida takroran sodir etilganda, fuqarolarga BHMning 5 baravaridan 7 baravarigaça (2,2 mlndan 3,08 mln sömgaça) jarima solinadi. Mansabdor şaxslarga esa BHMning 15 baravaridan 20 baravarigaça (6,6 mln sömdan 8,8 mln sömgaça) miqdorda jarima qöllanadi.
Şuningdek, Maʼmuriy javobgarlik töğrisidagi kodeksning 125-moddasiga (transport vositalaridan foydalaniş qoidalarini buziş) özgartiriş kiritilib, haydovçilarning tormoz tizimida, rul boşqaruvida yoki ulovçi qurilmada nosozligi bölgan yoxud tegişli ruxsatnomasiz qayta jihozlangan, şuningdek, şovqin darajasi belgilangan meyorlardan ortiq bölgan transport vositalarini boşqarişi BHMning 1 baravari (440 ming söm) miqdorida jarimaga sabab bölişi belgilandi.
Amaldagi tartibda şovqin darajasi belgilangan normalardan ortiq bölgan transport vositalarini boşqariş maʼmuriy ogohlantirişga yoki BHMning ikkidan bir qismi miqdorida jarima solişga (220 ming söm) sabab böladi.
Masʼul davlat organlari va ularning vakolatlari
Soğliqni saqlaş vazirligi huzuridagi Sanitariya-epidemiologik osoyiştalik va jamoat salomatligi qömitasi aholini şovqinning zararli taʼsiridan himoya qiliş sohasidagi vakolatli davlat organi etib belgilandi.
Qömita turar joylarda, jamoat binolarida, aholi yaşaş hududlari va dam oliş zonalarida, şuningdek, iş joylarida aholini şovqinning zararli taʼsiridan himoya qiliş sohasidagi sanitariya qoidalari va normalarini işlab çiqadi hamda tasdiqlaydi. Şuningdek, şovqinning zararli taʼsiriga ega bölgan yoki şunday taʼsir körsatişi mumkin bölgan obyektlarning röyxatini şakllantiradi va yuritadi; inson soğligiga salbiy taʼsir körsatadigan şovqin manbasi bilan işlaşda sanitariya qoidalari va normalariga yuridik va jismoniy şaxslar tomonidan rioya etilişi ustidan nazoratni amalga oşiradi.
Içki işlar vazirligi fuqarolar osoyiştaligi va normal dam olişini buziş holatlari yuzasidan murojaatlarni, şuningdek, maişiy şovqinga qarşi kuraşiş talablarini buziş bilan boğliq maʼmuriy huquqbuzarliklar töğrisidagi işlarni körib çiqadi; avtomototransport vositalarini davriy texnik körikdan ötkazişda ularning içki va taşqi şovqin körsatkiçlarining qonunçilikka muvofiqligini tekşiradi, şovqin darajasi belgilangan normadan ortiq bölgan transport vositalarini boşqariş bilan boğliq maʼmuriy huquqbuzarlik töğrisidagi işlarni körib çiqadi.
Quriliş va uy-joy kommunal xöjaligi vazirligi, Kambağallikni qisqartiriş va bandlik vazirligi hamda Sanoat, radiatsiya va yadro xavfsizligi qömitasi ham öz yönalişlari böyiça şovqin normalariga rioya etilişini taʼminlaydi.