Tadbirkorlardan asossiz undirilgan 5,5 mlrd soʻmlik toʻlovlar  yuzasidan hududiy elektr tarmoqlari korxonalariga nisbatan ish qoʻzgʻatildi, deya xabar berdi Raqobat qoʻmitasi axborot xizmati.

Tadbirkorlik subyektlarini qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan prezident armoni hamda Vazirlar Mahkamasining tegishli qarorlariga muvofiq, elektr energiyasidan qarzdorlik bartaraf etilganidan keyin korxonalarni elektr tarmogʻiga qayta ulash uchun jarima va qoʻshimcha toʻlovlarni qoʻllash bekor qilingan boʻlib, davlat organlari mazkur normalarning qonunosti hujjatlari qabul qilinishini kutmasdan toʻgʻridan-toʻgʻri amalga oshirilishini taʼminlashi belgilangan.

Ushbu talablarni amalga oshirish maqsadida elektr energiyasidan foydalanish qoidalariga tegishli oʻzgartirishlar kiritilib, elektr tarmoqlaridan uzib qoʻyilgan isteʼmolchilarni qayta ulash uchun undiriladigan toʻlovlar bekor qilingan.

“Raqobat qoʻmitasiga Biznes-ombudsman tomonidan taqdim etilgan maʼlumotlar tahlili natijasida hududiy elektr tarmoqlari korxonalari tomonidan 2025-yil 23-avgustdan joriy yilning fevral oyiga qadar respublika boʻyicha tadbirkorlik subyektlaridan jami 965 ta holatda qayta ulanish uchun 5,5 mlrd soʻm toʻlov undirilgani hamda asossiz daromad olinganligi alomatlari aniqlandi. Yuqoridagi aniqlangan holatlarga muvofiq, Raqobat qoʻmitasi tomonidan “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ hamda uning tizimidagi korxonalarga nisbatan ish qoʻzgʻatildi”, deyiladi qoʻmita xabarida.