Prezident Shavkat Mirziyoyev Qoraqalpogʻiston Respublikasiga tashrifi doirasida 18-sentabr kuni yangi loyihalarni ishga tushirish va qurilishiga start berish marosimida ishtirok etdi.

Tadbir doirasida 592 million dollarlik 11 ta loyiha ishga tushirildi hamda xorijiy hamkorlar ishtirokida amalga oshiriladigan 7 milliard dollarlik 47 ta yangi loyiha qurilishiga start berildi. Ularning hisobiga 8 mingta yuqori daromadli ish oʻrni yaratiladi.

Xususan, Qoraoʻzak tumanida umumiy quvvati 300 megavatt boʻlgan ikkita shamol elektr stansiyasi va 100 megavattli elektr energiyasini saqlash tizimi ishga tushirildi.

Ishga tushirilgan obyektlar qatorida Nukus shahrida Birlashgan Arab Amirliklari bilan hamkorlikda barpo etilgan Shayx Xalifa nomidagi shifoxona bor. Qiymati 27 million dollar boʻlgan 100 oʻrinli muassasa zamonaviy tibbiy jihozlar bilan taʼminlangan. Bu yerda 80 ta ish oʻrni yaratildi.

Qoraqalpogʻiston ilmiy-amaliy tibbiyot akademiyasi ham hududda tibbiy xizmat sifatini oshirish va mutaxassislar malakasini rivojlantirishga xizmat qiladi.

Raqamli infratuzilmani rivojlantirish yoʻnalishida Taxiatosh tumanida “Linkwise” korxonasining 150 million dollarlik modulli intellektual hisoblash markazining birinchi bosqichi ishga tushirildi.

Nukus shahrida jamoat transportini yaxshilashga qaratilgan 20 million dollarlik loyiha ham ish boshladi. 25 ta avtobus va elektrobus olib kelingan boʻlib, yil yakuniga qadar qoʻshimcha 75 ta elektrobus keltiriladi. Loyihada 200 ta ish oʻrni yaratilishi koʻzda tutilgan.

Qurilishi boshlanayotgan loyihalar energetika, raqamli iqtisodiyot, sanoat, transport, tibbiyot va xizmat koʻrsatish sohalarini qamrab olgan.

Qoʻngʻirot tumanida Saudiya Arabistonining “ACWA” kompaniyasi bilan hamkorlikda qiymati 2,6 milliard dollar boʻlgan 1,5 gigavattli yirik shamol elektr stansiyasini qurish va yagona energetika tizimiga ulash ishlari faol bosqichga oʻtmoqda. Loyiha doirasida 1,5 ming kilometr yuqori kuchlanishli magistral elektr tarmogʻi tortiladi, 500 kilovoltli uchta podstansiya quriladi va yana ikkitasi modernizatsiya qilinadi.