Kun.uz'ga murojaat qilgan marhumaning yaqinlariga koʻra, voqea shu yil 14-avgust kuni Boysun tumanida sodir boʻlgan. Oʻsha kuni soat taxminan 09:30–10:00 oraligʻida marhuma opasi bilan telefonda gaplashgan. Shundan soʻng muloqot toʻsatdan uzilgan. Opasi qayta qoʻngʻiroq qilganida esa telefonni marhumaning eri olgan va janjal boshlanganini aytgan. Erkak suhbatda «singlingni oʻldiraman» mazmunida gapirgan va aloqani uzgan. Opasi bir necha bor qayta qoʻngʻiroq qilgan, ammo javob boʻlmagan. Shundan soʻng u kuyovining otasiga qoʻngʻiroq qilgan. U esa oʻgʻli marhuma bilan boshqa uyga ketganini aytgan. Oradan taxminan 30 daqiqa oʻtib, marhumaning eri uning opasiga qoʻngʻiroq qilib, ayol vafot etganini maʼlum qilgan.

“Singlim qotillik qurboni boʻldi. Oldindan oilasida urush-janjali bor edi. Biz uchastka noziriga aytganmiz, mahalladagilar bilan borganmiz, oʻshandayam kuyov “urib oʻldirsam ham, hech kim hech narsa qilolmaydi” degandi. Avval ham bir necha marta kaltaklangan, himoya orderi soʻradik, lekin berishmadi.

Singlim ikkinchi farzandiga toʻrt oylik homilador edi. Eri boʻyniga, oyoqlariga urgan, jasadni yuvayotganimizda sochlari yulingan, orqalari shilingan edi. Chunki sochidan tortib urgan. Yuzida, boʻyinlarida koʻkarishlar bor edi. Oʻzi ilgari sogʻligidan shikoyat qilmagan, yaqinda homiladorlik davridagi koʻrikdan oʻtgan, salomatligi yaxshi ekanligi haqida shifokor xulosasi ham bor. Lekin negadir ekspertiza xulosasida oʻlimga oʻtkir boʻyrak va jigar kasalligi sabab boʻlgani yozilgan. Agar shuncha ogʻir kasal boʻlsa shu kungacha biz bilmasmidik? Haqiqatni yuzaga chiqarish uchun singlimning qabrini ochishlariga ham rozimiz”, deydi ular.

Prokuratura: “ishda jinoyat alomatlari yoʻq”

Kun.uz ixtiyoridagi 2026-yil 15-avgustdagi 107-sonli sud-tibbiy ekspertiza xulosasida marhumaning tanasida bir nechta jarohatlar: koʻz atrofida koʻkarish, qoʻl-oyoqlarda shilinish boʻlgani qayd etilgan. Ekspertlar ushbu jarohatlar oʻtmas, qattiq jism taʼsiri yoki ishqalanish natijasida yetkazilgan boʻlishi mumkin, deb baholagan. Xulosada yana tan jarohatlarining soniga qarab, tanaga kamida uch marta kuch taʼsiri boʻlgani va bu jarohatlarning baʼzilari oʻlimdan oldin yetkazilgani aytilgan.

Ekspertizada marhumada eklampsiya, bosh miyada qon aylanishining oʻtkir buzilishi, bosh miyaga subaraxnoidal qon quyilishi, bosh miya shishi, oʻtkir buyrak yetishmovchiligi hamda jigar va buyraklardagi boshqa patologik kasalliklar boʻlgani oʻlim sababi qilib koʻrsatilgan.