Kaspiydagi fojia
24-sentabr kuni qozogʻistonlik harbiylarning Kaspiy dengiz qirgʻogʻidagi mashgʻuloti chogʻida toʻsatdan kuchaygan shamol 17 kishini ochiq dengizga olib ketdi. Rasmiylarga koʻra, fojiada harbiylardan 14 nafari halok boʻlgan, uch kishi qutqarilgan. Juma kuni 09:15 da oxirgi ikki jasad topilgach, qutqaruv operatsiyasi yakunlandi.
Fojia bir necha kun avval boshlangan yirik harbiy mashgʻulot doirasida yuz berdi. 22-sentabr kuni Kaspiyning Qozogʻiston sektorida boshlangan mashgʻulotlarda 500 dan ortiq harbiylar, jangovar kemalar ekipajlari va chegarachilar ishtirok etayotgandi.
Qozogʻiston Mudofaa vazirligi fojia oʻquv-jangovar vazifa bajarilayotganda yuz berganini aytish bilan cheklandi. Harbiylar kemadan suvga tushib ketganmi yoki qirgʻoqda turgan boʻlganmi, aniq aytilmagan.
Aniqroq tafsilotlarni oqtovlik bloger Azamat Sarsenbayev bergan, lekin bu rasman tasdiqlanmagan. Uning maʼlumotiga koʻra, harbiylar «Qaysar» harbiy kemasidan taxminan bir metr chuqurlikka desant tushirishni mashq qilgan. Ob-havo keskin yomonlashgach, toʻlqin 17 kishini dengizga olib ketgan: 15 matros, bitta ofitser va bitta kontrakt asosidagi harbiy. Sarsenbayev yana shunday yozgan: harbiylar suvga tushib, toʻliq ekipirovkada boʻronli havoda qirgʻoq tomon yura boshlaganda, taxminan ikki metr chuqurlikdagi joyga tushib qolib choʻkishgan.
Fojiadan soʻng hukumat komissiyasi tuzildi. Ichki ishlar vazirligi Jinoyat kodeksining 2 ta moddasi: «ogʻir oqibatlarga olib kelgan xizmatga beparvolik» va «kema boshqarish qoidalarini buzish» boʻyicha ish qoʻzgʻatgan. 30 nafar harbiy amaldor soʻroq qilingan, gumondorlar bor.
Qidiruvga shaxsan mudofaa vaziri rahbarlik qildi. Operatsiyaga jalb qilingan 252 nafar shaxsiy tarkib, 34 ta maxsus texnika, 37 harbiy gʻavvos, kema va vertolyotlar ish olib bordi.
Fojia mamlakat boʻylab keng aks sado berdi. Qozogʻiston prezidenti Qosim Joʻmart Toʻqayev 25-sentabrni umummilliy motam kuni deb eʼlon qildi. Rasmiylar halok boʻlganlarning oilalariga barcha yordam berilishini maʼlum qildi.
Shu bilan birga, jamoatchilikda savollar koʻpaymoqda. «Qazgidromet» 24-sentabrda shamolning sekundiga 15–20 metrgacha kuchayishini bashorat qilgan, shunga qaramay mashgʻulotlar oʻtkazilgan. Bundan tashqari, hozircha ob-havo fojianing yagona sababi ekani aytilmagan. Xuddi shu hududda 2015-yil 18-sentabrdagi harbiy mashgʻulotlarda ham 4 nafar harbiy halok boʻlgandi.
















