«5 daqiqa»ning navbatdagi sonida Rim imperatori boşqalardan köra, özini qanday boşqariş haqida köproq öylaganini bilib olasiz.

Mark Avreliy milodiy II asrda yaşagan va Rim imperiyasining hukmdori bölgan. Uning qöl ostida katta davlat, katta armiya, katta vakolat bor edi. Uning qarorlari köplab mamlakatlar taqdiriga taʼsir qilardi. Bunday odam özini dunyoning abadiy egasidek tasavvur qilişi oson, albatta. Biroq u boşqaça yaşadi.

«Özimga ögitlar» aslida boşqalarga atalgan kitob ham emas. Hukmdor uni şaxsiy mulohazalari, özini tartibga çaqiruvçi eslatmalari sifatida yozgan.

Imperator uşbu kitobda özini ğazabdan qaytarişga urinadi. Obröga ortiqça berilmaslikni eslatadi. Boşqalarning fikriga boğlanib qolmaslik haqida öylaydi. Vaqtning ötib ketayotganini köp tilga oladi.

Tasavvur qiling, Rimning humkdori özini tayyor, kamolga yetgan şaxs sifatida körsatmaydi. Aksinça, u özining kamçiliklarini biladi va ularni qayta-qayta tan oladi. Göyo imperatorlik unga inson böliş vazifasini bekor qilib qöymaganini öziga uqtirayotgandek.

Masalan, ğazab haqida köp öylaydi. Atrofidagi odamlar uning xohişiga köra iş tutmasligi, noşukr bölişi, qöpol gapirişi yoki özini yomon tutişi mumkin. Lekin boşqa odamning xatosi uning özini ham yomon odamga aylantirib qöymasligi lozim.

Bu fikrlar köpçiligimizga yaxşi taniş, albatta. Masalan, kimdir maşinada yölimizni tösadi va butun kunimiz rasvo böladi. Kimdir nohaq gapiradi, kayfiyatimiz özgaradi. Kimdir bizga hurmatsizlik qiladi, biz ham unga şunday javob qaytarişni xohlaymiz. Avreliy esa boşqa odamning xulqi ustidan hukm yuritişdan oldin öz xulqingizni nazorat qiling, demoqçi böladi. Çunki birovning xatosi uçun özingizni jazolaşingiz şart emas.

Imperator maqtovga juda ehtiyotkor munosabatda böladi. Xuşomadgöy, qarsakboz odamlarni özidan yiroq tutadi. Işonavering, bugun sizni kökka kötargan odam, ertaga boşqa rahbar kelganida unga ham taʼzim qiladi. Hatto siz haqingizda butunlay boşqaça fikr aytişi ham mumkin. Odamlarning bahosi özgaruvçan, obroʻ esa vaqt oldida hamişa ojiz, deydi.

Avreliy şuning uçun şuhratni hayotning eng katta maqsadiga aylantirmaslikka urinadi. Unga köra, insonning yaxşi yoki yomonligi uni qança odam maqtagani bilan belgilanmasligi kerak. U nima qilyapti, nima uçun qilyapti va bu iş uni qanday insonga aylantiryapti. Asosiysi şu!

Avreliy uçun inson jamiyatdan uzilib yaşaydigan mavjudot ham emasdi. U boşqalar bilan birga yaşaydi, ularga foydasi tegadi. Şuning uçun u adolat, hamjihatlik va insonlarning bir-biriga daxldorligi haqida köp mulohaza qiladi.