Ogʻir atletika boʻyicha Oʻzbekiston jamoasi aʼzosi Akbar Joʻrayev (-110 kg) kutilganidek Osiyo oʻyinlari chempioniga aylandi.

Avvaliga u dast koʻtarishda 197 kg bilan jahon rekordini yangilashga muvaffaq boʻldi. Bu borada rekord uning oʻziga tegishli boʻlib turgandi (u 2025-yil oktabrida Norvegiyadagi jahon chempionatida dast koʻtarishda 196 kg, umumiy 428 kg natija bilan ikkita rekord oʻrnatgandi).

Keyin esa siltab koʻtarishda birinchi urinishdayoq 226 kg natija koʻrsatdi (Osiyo oʻyinlari rekordi) va keyingi urinishlarni amalga oshirishiga hojat qolmadi. Uning raqiblaridan hech biri uch urinishda ham 222 kg natijadan oshira olishmadi.

Shu tariqa, u ikki kurash hisobida 423 kg natija qayd etdi va bu ham Osiyo oʻyinlari rekordi hisoblanadi.

Maʼlumot uchun, Akbar Joʻrayev Olimpiada gʻolibi, ikki karra Osiyo chempioni, uch karra jahon chempioni hisoblanadi, shu bilan birga, bu uning uchun ilk Osiyo oʻyinlari gʻolibligi boʻldi – 2022-yil Hangchjouda boʻlib oʻtgan turnirda u kumush medal bilan kifoyalangandi.

Uning oltin medali Oʻzbekiston delegatsiyasining 13-oltiniga aylandi. Ayni vaqtda Oʻzbekiston 13 ta oltin, 17 ta kumush va 13 ta bronza – jami 43 ta medal bilan umumiy reytingda toʻrtinchi oʻrinda bormoqda.

Screenshot_5