Mukofotlar taʼlim tizimini rivojlantirish, ilgʻor pedagogik va raqamli texnologiyalarni joriy etish, yoshlarga zamonaviy bilim va kasb-hunar oʻrgatish, yuqori malakali kadrlar tayyorlash hamda taʼlimga oid investitsiya loyihalarini amalga oshirishdagi xizmatlar uchun topshiriladi.
Ikki pedagog xalq oʻqituvchisi unvoniga sazovor boʻldi
«Oʻzbekiston Respublikasi xalq oʻqituvchisi» faxriy unvoni bilan:
Ergash Allanazarovich Saidov - Surxondaryo viloyati Denov tumanidagi 6-maktabning boshlangʻich sinf oʻqituvchisi;
Azimbay Saburovich Saparbayev - Qoraqalpogʻiston Respublikasi Amudaryo tumanidagi 36-maktabning matematika fani oʻqituvchisi taqdirlandi.
«Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan xalq taʼlimi xodimi» faxriy unvoni Chinoz tumanidagi 1-maktabning tasviriy sanʼat va chizmachilik fani oʻqituvchisi Kamil Shamukaramov hamda Namangan shahridagi 4-maktabning boshlangʻich sinf oʻqituvchisi Rahima Hakimovaga berildi.
Zomin tumanidagi 1-maktab jamoatchilik kengashi raisi Ismatulla Raimov va Samarqand davlat universitetining oʻquv ishlari boʻyicha birinchi prorektori Ahmadjon Soleyev «Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan yoshlar murabbiysi» unvoniga sazovor boʻldi.
Olimlar, sport va madaniyat vakillari ham taqdirlandi
Fanlar akademiyasi Ion-plazma va lazer texnologiyalari instituti direktorining ilmiy ishlar boʻyicha oʻrinbosari Mirtemir Qurbonovga «Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan ixtirochi va ratsionalizator» faxriy unvoni berildi.
Oltinkoʻl tumanidagi 2-maktabning jismoniy tarbiya fani oʻqituvchisi Botirbek Muqimov hamda Sportning qishki va murakkab texnik turlari boʻyicha Respublika oliy sport mahorati maktabi murabbiysi Vohiddin Najmidinov «Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan sport ustozi» unvoni bilan taqdirlandi.
R. Glier nomidagi Respublika ixtisoslashtirilgan musiqa maktabining oʻzbek xalq cholgʻulari boʻlimi joʻrnavozi Gulnora Uteyevaga «Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan madaniyat xodimi» unvoni berildi.
Xorijiy hamkorlarga «Doʻstlik» ordeni berildi
«Doʻstlik» ordeni bilan taqdirlanganlar orasida Germaniyaning GP Günter Papenburg AG kompaniyasi direktorlar kengashi aʼzosi Angela Papenburg, GIZʼning Oʻzbekistonda kasbiy taʼlim tizimini isloh qilish va modernizatsiya qilishni qoʻllab-quvvatlash loyihasi rahbari Mattias Klingenberg ham bor.

















