New York Times nashri oʻrgangan sunʼiy yoʻldosh tasvirlariga koʻra, sulhdan keyin Isroil qoʻshinlari oʻz pozitsiyalarini mustahkamlagan va kamida 12 ta harbiy post qurgan. Ular oʻzlari rozi boʻlgan chekinish chizigʻidan oʻtib, sektor ichkarisiga yanada chuqurroq kirib borgan.
AQSH qoʻllab-quvvatlagan sulh 2025-yil oktabrda kuchga kirgandi. Unga koʻra, Falastin anklavi – Gʻazo sektorining qariyb yarmi Isroil nazoratida qolgan. Biroq joriy yil may oyida Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu Isroil armiyasi hududning taxminan 60 foizini nazorat qilayotganini aytdi. U bundan ham koʻproq qismini egallash rejasi borligini ham ochiq bildirgan.

Tahlilchilar, diplomatlar va Gʻazo aholisining fikricha, Isroilning sulhdan keyingi harakatlari hududning boʻlinishini mustahkamlab qoʻyayotganga oʻxshaydi. Holbuki, sulh Gʻazoni vaqtincha ikki qismga ajratgan edi. Hozir esa Isroil nazoratidagi qism kengayib, Hamas boshqaradigan hudud torayib boryapti. Gʻazodagi ikki million aholining mutlaq koʻpchiligi ana shu kichik hududda yashayapti.
Agar sulh jarayoni davom etsa, Isroil hali ham Gʻazodan chiqib ketishi mumkin. Biroq sulhning keyingi bosqichlari boʻyicha ish toʻxtab qolgandek koʻrinyapti. Iyul oyida AQSH rasmiylari Hamas bilan qurollarni topshirish boʻyicha kelishuvga erishganini maʼlum qilgandi. Ammo Netanyahu bu rejani rad etdi. U Falastindagi guruh «haqiqiy qurolsizlanmaguncha» qoʻshinlarni olib chiqishdan bosh tortdi.
«Sariq chiziq»ning surilishi
Isroil armiyasi bayonotida Gʻazodagi bazalarni «oʻz mudofaa konsepsiyasi, operativ ehtiyojlari va oʻt ochishni toʻxtatish kelishuviga muvofiq» qurayotganini bildirgan. Armiyaning qoʻshimcha qilishicha, bu bazalar Isroil qoʻshinlarini, shuningdek, yaqin atrofdagi aholi punktlarini himoya qilish uchun moʻljallangan.
Ammo Isroil askarlari Gʻazoda harbiy postlar qurish bilan cheklanmagan. Ular toʻsiqlar joyini oʻzgartirgan, tuproq uyumlari barpo etgan va ayrim hududlarga kirishni taqiqlab qoʻygan.

























