Oʻzbekiston delegatsiyasining ikki vakili – kanoechi Pavel Eygel va sportning aralash yakkakurash turida ishtirok etgan Nodirbek Shavkatov doping namunalarida taqiqlangan moddalar aniqlangani tufayli 2026-yilgi Osiyo oʻyinlaridan vaqtincha chetlatildi.
Xalqaro doping-test agentligi (ITA) maʼlum qilishicha, Pavel Eygelning namunasidan trimetazidin, Nodirbek Shavkatovnikidan esa meldoniy topilgan. Har ikkala modda ham WADA taqiqlagan moddalar roʻyxatiga kiritilgan.
Yakuniy qaror chiqqunga qadar sportchilar musobaqalarda qatnasha olmaydi.
Ular natijani tekshirish uchun «B» namunasini tahlil qilishni talab qilishi va vaqtinchalik chetlatish qarori ustidan Sport arbitraj sudiga murojaat qilishi mumkinligi qayd etilgan. Hozircha sportchilarga nisbatan yakuniy qaror chiqarilmagan.
Maʼlumot uchun, Nodirbek Shavkatov (-71 kg) 21-sentabr kuni aralash jang sanʼatining modern yoʻnalishida bronza medal olgandi, u yarimfinalda Qozogʻiston vakili Qodirbek Shinbayevga yutqazgandi.
36 yoshli Pavel Eygel esa Rossiya fuqarosi hisoblanadi va 2018-yilgi jahon chempionatida bronza medal sovrindori boʻlgan. 2025-yil mayida u sport fuqaroligini oʻzgartirib, 2026-yilgi Osiyo oʻyinlarida Oʻzbekiston nomidan qatnashishga qaror qilgandi. U turnirdagi ishtirokini bugun, 29-sentabr kuni boshlashi kutilayotgandi, ammo diskvalifikatsiyaga uchradi. Shuningdek, 2-oktabr kuni ham yakkalik (kross) boʻyicha bahslarda qatnashishi kerak edi.
















