Uchta xorijiy davlat investorlari UzAuto Motors kompaniyasini sotib olishga qiziqish bildirdi. Bu haqda 8-oktabr kuni boʻlib oʻtgan matbuot anjumanida Davlat aktivlarini boshqarish agentligi direktori Sohibjon Murodov maʼlum qildi, deya xabar berdi Kun.uz muxbiri.

Davaktiv rahbarining taʼkidlashicha, UzAuto Motors va UzAuto Powertrain korxonalarini xususiylashtirish boʻyicha amaliy ishlar ikki yil oldin boshlangan va Alvarez & Marsal xalqaro konsalting kompaniyasi tanlov asosida jalb etilgan. Bu ushbu kompaniyaning dunyo avtosanoatida yirik bitimlarni imzolashdagi ishtiroki hamda tajribali mutaxassislarga egaligi bilan izohlandi.

«Bugungi kunda bizga takliflar kelib tushyapti. AQSH, Janubiy Koreya va Xitoydan investorlar qiziqish bildirgan. Ammo, bu qiziqishlar muayyan kompaniyaga aktiv sotilishi haqida qaror qabul qilinganini anglatmaydi. Bunaqa signal ketmasligi kerak, chunki raqobatga salbiy taʼsir qilishi mumkin. Ochiq, xalqaro savdo oʻtkazamiz», dedi Murodov.

Uning qoʻshimcha qilishicha, savdolarni tashkil etishga qaratilgan ssenariy ishlab chiqilyapti. Keyingi bosqichda xalqaro konsultant tanlanadi, aktivlar xalqaro darajada baholanadi va audit oʻtkaziladi. Shundan soʻng xalqaro va mahalliy OAV orqali investorlar uchun takliflar eʼlon qilinadi.

Maʼlumot uchun, 2025-yilning aprel oyidagi prezident qarorida yil yakunigacha, UzAuto Motors (99,7 foiz) va UzAuto Powertrain’(100 foiz)ni xususiylashtirish boʻyicha xalqaro konsultantlarni jalb etish koʻzda tutilgandi. 2026-yilning birinchi choragida esa ommaviy savdolar eʼlon qilinishi kerak boʻlgan. Ammo jarayon nomaʼlum sabablarga koʻra kechiktirildi.

Avgust oyida qabul qilingan 2026-yil uchun moʻljallangan xususiylashtirish dasturida ham ushbu ikki kompaniyadagi davlat ulushlarini sotishni tezlashtirish belgilangandi. Yaqin toʻrt oy ichida kompaniyalarning investitsion, ishlab chiqarish va moliyaviy holati boʻyicha materiallar tayyorlanishi kerak.

«Oʻzavtosanoat» va General Motors oʻrtasidagi bitim 2017-yilning oktabr oyida 10 yil muddatga imzolangan. Kelishuv doirasida UzAuto Motors GM modellarini ishlab chiqarish litsenziyasi, Chevrolet brendi va texnologiyalaridan foydalanish imkoniyatiga ega boʻlgan. Mazkur kelishuvning amal qilish muddati 2027-yilda tugaydi. Shu jihatdan ehtimoliy xaridor Amerika kompaniyasi bilan birga ishlaydigan tashkilotlardan biri boʻlishi mumkinligi taxmin qilindi.