Doniyor Muqumjonovich Yusupov Toshkent shahri hokimi oʻrinbosari – Shahar kanallaridan foydalanish va ularga tutash hududlarni obodonlashtirish boshqarmasi boshligʻi etib tayinlandi. Bu haqda poytaxt hokimligi matbuot xizmati xabar berdi.
Mazkur lavozimda 2022-yil martidan buyon Abdulaziz Isroilov ishlayotgandi, uning keyingi faoliyati haqida maʼlumot yoʻq.
Doniyor Yusupov Toshkent avtomobil-yoʻllar institutining bakalavriat va magistratura bosqichlarini avtomobil yoʻllari va inshootlarini qurish, shuningdek, avtomobil yoʻllari va aerodromlar mutaxassisliklari boʻyicha tamomlagan.
U turli yillarda Toshkent shahri yoʻl qurilish va taʼmirlash tresti, Respublika yoʻl jamgʻarmasi, avtomobil yoʻllarini qurish va rekonstruksiya qilish direksiyasi, Toshkent shahri mintaqaviy yoʻllarga buyurtmachi xizmati hamda Yunusobod tumani hokimligida masʼul lavozimlarda ishlagan.
Ushbu tayinlovga qadar Yunusobod tumani hokimining qurilish, toʻsiqsiz muhit yaratish, kommunikatsiyalarni rivojlantirish, ekologiya va koʻkalamzorlashtirish masalalari boʻyicha oʻrinbosari lavozimida faoliyat yuritgan.














