Raqobat qoʻmitasi oʻrganishlari natijasida asosiy yashash manzilida vaqtincha istiqomat qilmagan qariyb 800 ming fuqaro foydasiga kommunal xizmatlar boʻyicha 22 mlrd soʻmga yaqin asossiz qarzdorlik qayta hisob-kitob qilindi.
Ayrim abonentlar haqidagi maʼlumotlar amaldagi holatga mos kelmagan, yangi abonentlar toʻgʻrisidagi maʼlumotlar esa tizimga kiritilmagan.
Raqobat qoʻmitasi tegishli tashkilotlar bilan hamkorlikda respublika boʻylab fuqarolar vaqtincha boshqa joyda yashagan yoki xorijda boʻlgan davrda asosiy yashash manzili boʻyicha ayrim kommunal xizmatlar uchun toʻlovlar hisoblangani holatlarini oʻrgandi.
Oʻrganishlarda xorijda vaqtincha istiqomat qilayotgan, ishlayotgan, ish qidirayotgan va tahsil olayotgan fuqarolar haqidagi maʼlumotlarda tafovutlar borligi aniqlangan. Xususan, tegishli davrda maishiy chiqindilarni olib chiqib ketish xizmati koʻrsatilmagan qariyb 800 ming nafar fuqaro, shuningdek, ichimlik suvi hisoblagichlari bilan taʼminlanmagan xonadonlarda yashamagan 100 nafarga yaqin fuqaro aniqlangan. Natijada xizmat koʻrsatuvchi korxonalar tomonidan qariyb 800 ming fuqaroning huquqlari tiklanib, ular foydasiga 22 mlrd soʻmga yaqin asossiz qarzdorlik qayta hisob-kitob qilinishi taʼminlangan.
Amaldagi meyoriy hujjatlarga muvofiq, abonentlar sonidagi oʻzgarishlar tasdiqlovchi hujjatlar asosida aniqlangan taqdirda, qarzdorlik shaxslar soni oʻzgargan sanadan boshlab qayta hisob-kitob qilinadi. Tasdiqlovchi hujjatlar mavjud boʻlmagan hollarda esa, qayta hisob-kitob oʻtgan uch oy uchun amalga oshiriladi.
Qoʻmita kommunal xizmatlar sohasida isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish maqsadida billing tizimlarini migratsiya maʼlumotlari bazalari bilan integratsiya qilishni taklif etdi. Shuningdek, chet elda bir oydan ortiq boʻlgan abonentlar va ular bilan yashovchi shaxslar uchun Oʻzbekistonga qaytib kelgunga qadar har oylik qayta hisob-kitob tizimini joriy etish boʻyicha tegishli idora va tashkilotlarga takliflar berildi.











