15-oktabrga oʻtar kechasi – Chempionlar ligasi tarixidagi eng sermahsul oqshom boʻldi. 9 oʻyinda jamoalar jami 46 gol urishdi: bir oʻyinga oʻrtacha 5 ta gol.

Vinisiusda yana yomon oʻyin

«Roma» – «Real» 3:4
Gollar: de Ron, 20 (1:0). Mbappe, 25 (1:1). Malen, 51 (2:1). Malen, 57 (3:1). Espi, 82 (3:2). Endrik, 85 (3:3). Ryudiger, 90 (3:4)
«Roma»: Gollini, NʼDika, Ermoso (Kuliyerakis, 81), Manchini (Balerdi, 64), de Ron, Kone (Pizilli, 17), Uesli Vinisius, Molina, Soule (Pellegrini, 64), Malen, Dibala (Mora, 46)
«Real»: Kurtua, Konate, Ryudiger, Kukurelya (Karreras, 78), Dyumfris (Arda Guler, 59), Valverde, Tchuameni (Bernardu Silva, 70), Bellinghem, Vinisius Junior (Endrik, 59), Diomande (Espi, 79), Mbappe
Ogohlantirishlar: Manchini, 60. Uesli Vinisius, 69. Pellegrini, 89 – Karreras, 90

Joze Mourinio tom maʼnoda nostalgiya turnesini oʻtkazmoqda. U birinchi turda sobiq jamoasi «Inter»ga qarshi oʻynagandi. Endi esa yana bir qadrdon jamoasi «Roma» maydonida mehmon boʻldi. Mezbon jamoa muxlislari esa uni bannerlar bilan qarshi olishdi. Bu Mbappe uchun ham oʻziga xos oʻyin edi, u shu kuni Messining rekordini yangilab, asosiy yevrokubokda 100 ta oʻyin oʻtkazgan eng yosh futbolchiga (27 yoshu 298 kunlik) aylandi. Shuningdek, Vinisius ham diqqat markazida edi. Shu kuni la liga rahbariyati braziliyalik futbolchini «Vilyarreal»ga qarshi oʻyindagi harakati uchun toʻrt oʻyinga diskvalifikatsiya qilgani eʼlon qilindi va u endi maʼlum vaqt faqat yevrokubok oʻyinlarida maydonga tushishi mumkin edi.

Yetti yillik tanaffusdan keyin YeChLga qaytgan rimliklar esa oʻyinni koʻtarinki ruhda boshlashdi va Kurtuga ketma-ket ish topib bera boshlashdi. Belgiyalik posbon avvaliga Ermosoning burchakka yoʻnaltirgan zarbasini qaytardi, ammo mezbonlarning navbatdagi hujumida De Ronning zarbasidan keyin yuzaga kelgan rikoshet darvozabonni ilojsiz ahvolda qoldirdi. Besh daqiqa oʻtib esa mezbonlar darvozaboni ham shunday holatga tushdi va Mbappe hisobni tenglashtirdi.

Ikkinchi boʻlimda esa Vinisius antiqahramonga aylandi. U maydon markazida tovoni bilan pas berishga urinib, toʻpni oldirdi, tezkor boshlangan qarshi hujum esa Malen darvozani ishgʻol etishi bilan yakunlandi. Biroz oʻtib niderlandiyalik hujumchi yana bir qarshi hujumda dublni rasmiylashtirdi.

Shundan keyin Mourinioning sabri tugadi va Vinisiusni 59-daqiqadayoq oʻyindan olib tashladi. Maydonni tark etayotganida esa braziliyalik vinger murabbiylar shtabiga ochiq norozilik namoyish etdi. Ammo aynan uning oʻrniga tushgan Endrik oʻyinni oʻzgartirib yubordi. Madridliklar safidagi eng past boʻyli futbolchilardan biri sanalgan hujumchi ikki bor burchak jarimasi vaqtida bosh bilan zarba yoʻlladi, birinchisida darvozabon qaytargan toʻpni Espi baribir darvoza toʻriga kiritdi, ikkinchisida gol Endrikning oʻz nomiga yozildi.