Oʻzbekiston prezidenti 14-oktabr kuni imzolagan qonun bilan, daxlsizlik va immunitetga ega shaxslarga nisbatan ish yuritishning oʻziga xos tartibi belgilandi.

Daxlsizlikka ega shaxslar

Quyidagilar daxlsizlikka ega shaxslar hisoblanadi: Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari va Senat aʼzolari; inson huquqlari boʻyicha vakil (ombudsman); bolalar huquqlari boʻyicha vakil; sudyalar; prokurorlar, tergovchilar va surishtiruvchilar; advokatlar; Markaziy saylov komissiyasi aʼzolari; Prezidentlikka nomzodlar (nomzodlik maqomida boʻlgan davrda) va boshqalar.

Prezident Administratsiyasining boshqaruv xodimlari esa ishdan boʻshatilganidan keyin besh yil davomida - Prezident Administratsiyasida oʻz zimmasiga yuklatilgan vazifalarni bajarish bilan bogʻliq boʻlmagan harakati yoki harakatsizligi uchun daxlsizlikka ega boʻladi.

Immunitetga ega shaxslar

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti; Prezident Administratsiyasining mansabdor shaxslari va ularning oila aʼzolari immunitetga ega shaxslar hisoblanadi.

Shuningdek, Prezident Administratsiyasining boshqaruv xodimlari - Prezident Administratsiyasida oʻz zimmasiga yuklatilgan vazifalarni bajarish bilan bogʻliq holda qabul qilgan qarori, sodir etgan harakati yoki harakatsizligi yuzasidan immunitetga ega.

Parlament aʼzolari esa ovoz berish va fikr bildirish uchun immunitetga ega.

Ushlab turish

Daxlsizlikka ega shaxsni ushlab turish va huquqni muhofaza qiluvchi organga olib kelish mumkin emas, JPK 221-moddasining 1-bandida nazarda tutilgan asoslar (shaxs jinoyat ustida yoki bevosita uni sodir etganidan keyin qoʻlga tushsa) boʻyicha uch soatgacha ushlab turish hollari mustasno.

Jinoiy javobgarlik

Daxlsizlikka ega shaxslarni jinoiy javobgarlikka tortish uchun tegishli palata, Prezident yoki boshqa vakolatli organning roziligi talab etiladi. Masalan, deputatlar uchun - tegishli palataning, Prezident Administratsiyasi boshqaruv xodimlari uchun - Bosh prokurorning taqdimnomasi asosida Prezidentning yozma roziligi.