Shayxontohur tumanidagi Chaqar mahallasida «Obod mahalla» dasturi doirasida daraxtlar kesilib, yoʻlaklar va asfalt buzilgan, biroq ishlar chala qoldirib ketilgan. Bu esa chang-toʻzon va xavfsizlik muammolarini keltirib chiqarmoqda. Aholi ishlar yakunlanishi va yashil hududlar tiklanishini soʻramoqda. Mahalla raisi kechikishni issiq havo va moliyaviy muammolar bilan izohlagan, tuman hokimligi esa ishlar davom etayotganini bildirgan.
«Buzib qoʻyib, tashlab ketish yaxshi emas»
Mahalla aholisidan biri avvalgi sharoitni eslar ekan, hududni obodonlashtirish ishlari boshlanishidan oldin ham ayrim kamchiliklar boʻlganini, biroq bugungiday noqulayliklar kuzatilmaganini aytdi. Uning soʻzlariga koʻra, mahallada daraxtlar koʻp, bolalar oʻynaydigan joylar mavjud, asfalt yoʻllar esa yaxshi holatda boʻlgan.
«Bu yerda bolalar oʻyingohlari bor edi. Daraxtlar juda koʻp edi. Koʻp daraxtlar kesilib ham ketdi. Asfaltlarimiz yaxshi edi. Hozir hamma yoqni buzishgan, uylar changga toʻlyapti. Ayniqsa, yoz oylarida juda qiynaldik. Mayli, sabr qilaylik, ish bitib qolar, deb kutdik. Lekin ish yurmadi. Taxminan bir oy oldin ayrim blogerlarga murojaat qildik. Ular kelganidan keyin biroz harakat boʻldi. Hokimiyatdan kelib, ikki oy ichida chiroyli qilib tugatamiz, ertadan 60–70 nafar odam ishga tushadi, deb vaʼda berishdi. Lekin toʻrt-besh kishi kelgan boʻldi, keyin yana jimlik. Ishning natijasi koʻrinmayapti» , - deydi murojaatchi.
«Hammasi aldaydi, faqat aldaydi»
Yana bir murojaatchi qurilish ishlarining bir necha kun davom etib, keyin yana toʻxtab qolishidan norozi. Uning aytishicha, ishchilar kelib hududni oʻlchaydi, biror ishni boshlagandek boʻladi, keyin esa uzoq vaqt koʻrinmay qoladi.
«Hech qachon bunday sharoitga tushamiz, deb oʻylamagan edik. Hammasi aldaydi, faqat aldaydi. Toʻrtta odam kelib oʻlchadi. Men ulardan: “Bolam, ishlaysizlarmi?” deb soʻradim. “Ha, ishlaymiz”, deyishdi. Lekin keyin ular ham yoʻqolib qoldi. Har kuni vaʼda, har kuni aldash. Yana qishgacha qolib ketadi, deb qoʻrqyapmiz», - deydi u.
Aholi orasida qurilish hududida qoldirilgan armatura va boshqa qurilish materiallari sababli yiqilib tushish holatlari ham tez-tez uchrayotgani aytilmoqda. Bu esa, ayniqsa, hududda oʻynaydigan bolalarning xavfsizligi borasida xavotirlarni kuchaytirmoqda.
«Shayxontohur tumani hokimining oʻrinbosari kelib, zudlik bilan toʻgʻrilab beraman, deb vaʼda berib ketdi. Lekin bunaqa boʻlmaydi. Hech kim biz bilan shugʻullanmayapti. Bu qachongacha davom etadi? Qachongacha bolalarni bemalol pastga tushirib, nabiralarimiz bilan aylanolmaymiz? Bolalar uchun juda xavfli. Koʻrib turibsizlar, toshlar yotibdi. Zinalar oldidan tushganda armaturalar bor. Bolalarning oʻzini qoʻyib yuborolmaymiz. Bolalar toshlarni otishadi, changda yiqilishadi. Oʻzimiz ham yiqilib, jarohat oldik » - deya norozilik bildirdi murojaatchi.











