Eron Markaziy banki raisi Abdulnosir Hemmati mamlakatdagi ogʻir iqtisodiy holat haqidagi savollarga javob berar ekan, mashhur fors maqolini esga olgandi: «Joʻjani kuzda sanaymiz». Ammo kuzning dastlabki oyi yakunlari boʻyicha eʼlon qilingan dastlabki hisob-kitoblar juda ayanchli koʻrinyapti, deya yozadi The Economist.

Milliy valyuta keskin qadrsizlanib ketgan, inflyatsiya esa Ikkinchi jahon urushidan keyingi davrdagi eng yuqori choʻqqisiga chiqdi. Oʻtgan oyda 1979-yildan beri ilk bor neft yuklab joʻnatilmadi. Eron uchun iqtisodiy inqirozlar begona emas, biroq bu galgisi ogʻir kechmoqda. Davlat OAVlariga koʻra, hatto oʻzining balandparvoz bayonotlari bilan tanilgan xavfsizlik xizmati mulozimi Muhsin Rizoiy ham hamkasblarini mamlakat oʻz tarixidagi eng murakkab davrlardan birini boshdan kechirayotgani haqida ogohlantirdi. AQShning sanksiyalar va harbiy qamal orqali Eronga bosim oʻtkazish kampaniyasi muayyan natija bermoqda. Biroq bu bosim sakkizinchi oyga kirgan urushni toʻxtatishga Eronni majbur qila oladimi yoki yoʻq - hozircha nomaʼlum, deya yozadi The Economist.

Rialning qulashi va 90 foizlik inflyatsiya

Eron riali ketma-ket antirekordlarni yangilab, tubga qulayapti. Hozirda bir AQSH dollari taxminan 2,7 million rial atrofida sotilyapti. Milliy valyuta joriy yilning oʻzida qiymatining yarmini yoʻqotdi. Oʻtgan oyda Markaziy bank ichki bozorga 2 milliard dollar miqdorida xorijiy valyuta intervensiya qildi. Bu qadrsizlanish surʼatini biroz sekinlashtirgan boʻlsa-da, vaziyatni oʻnglay olmadi.

Valyuta inqirozi yillik inflyatsiyaning keskin sakrashiga sabab boʻlib, sentabr oyida bu koʻrsatkich 90 foizga yetdi. Oziq-ovqat va transport narxlari 115 foizdan ziyodga, kiyim-kechak esa 97 foizga qimmatlashdi. Oʻsimlik yogʻi, tuxum va guruch kabi eng zarur isteʼmol mahsulotlari narxi ham 200 foizdan koʻproqqa oshib ketdi. Hamshiralar uyushmasining maʼlum qilishicha, koʻplab tibbiyot xodimlari oyiga atigi 100 dollarga teng boʻlib qolgan maoshga ishlagandan koʻra, ishdan boʻshashni afzal koʻrmoqda.

Harbiy kuch bilan qoʻllanayotgan sanksiyalar

AQSH avval ham Eronga nisbatan qatʼiy sanksiyalar joriy qilgan, ammo ularni aylanib oʻtish uchun har doim tirqishlar topilardi. Hatto 2020-yilda - Donald Trampning «maksimal bosim» kampaniyasi va COVID-19 pandemiyasi avjiga chiqqan paytda ham Eron kuniga 440 ming barreldan ortiq neft sotishning uddasidan chiqqan. Biroq endilikda Vashington sanksiyalar ijrosini qurol kuchi bilan taʼminlamoqda: AQSH harbiy kemalari Eron portlarini qamal qilib, oʻtgan oyning oʻzida mamlakatning kamida sakkizta neft tankerini ishdan chiqardi yoki choʻktirib yubordi.